23:22 / 22.10.2015
5386

Qirg‘izistonda tergov izolyatoridan qochgan mahbuslarning so‘nggisi ham o‘ldirildi

2015 yilning 12 oktabr kuni Qirg‘izistonning Quyi Norus Chuy viloyati hududidagi tergov izolyatoridan qochib ketgan jinoyatchilarning to‘rtinchisi ham o‘ldirildi.

"Qochoqlarning to‘rtinchisi - Oltinbek Itibayev yo‘q qilindi", deyiladi KirTAG xabarida.

U Bishkek yaqinida maxsus xizmat xodimlari bilan ro‘y bergan otishma vaqtida o‘ldirilgan. Ushbu amaliyot chog‘ida maxsus xizmat vakili va shu hududda yashovchilardan biri ham o‘qqa uchib, halok bo‘lgan.

Bugun, Bishkek yaqinida ozodlikda qolayotgan ikki mahbusning biri, 29 yoshli Edil Abdraxmanov yo‘q qilingandi.

12 oktabrga o‘tar kechasi Qirg‘izistonning Chuy viloyatida joylashgan 50- sonli tergov izolyatoridan 9 nafar mahbus uch soqchini o‘ldirib, qochib ketishgandi.

“Jaysh ul-Mahdiy” tashkiloti a'zolari bo‘lgan bu ekstremistlarning 5 nafari o‘sha kuniyoq qo‘lga olingan keyingi 1 hafta davomida qolgan jinoyatchilarni qidirish ishlari olib borilgan.

16 oktabr kuni Qirg‘iziston politsiyasi tergov izolyatoridan qochib ketgan terrorchi Doniyor Qodiraliyevni yo‘q qilgandi.

20 oktabr kuni esa "o‘ta xavfli jinoyatchi" Azamat Musuraliyev huquq-tartibot xodimlari bilan otishma chog‘ida o‘ldirildi.

15 oktabr kuni Qirg‘iziston milliy xavfsizlik xizmati mamlakat hududida qidirilayotgan jinoyatchilarni topishda yordam berganlarga 300 ming som miqdorida mukofot puli belgilagani xabar qilingandi.

Top