18:23 / 22.10.2015
3295

Qoraqalpog‘istonlik dzyudochi qizlar Osiyo chempionati g‘oliblari bo‘lishdi

Dzyudo bo‘yicha yoshlar o‘rtasida Qirg‘izistonda o‘tkazilgan Osiyo kubogi musobaqasida qoraqalpog‘istonlik uch nafar sportchi-qiz sovrinli o‘rinlarni egalladi.

Osiyoning kuchli sportchilari o‘zaro bellashgan ushbu musobaqada Nukus shahridagi 2-tibbiyot kolleji o‘quvchisi Gulnur Muratboyeva 44 kilogramm va 34-umumta'lim maktabi o‘quvchisi Nilufar Yermag‘anbetova 52 kilogramm vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritdi. 1-Nukus tibbiyot kolleji o‘quvchisi Guloyim Jumaboyeva vazni 52 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida bronza medal bilan taqdirlandi.

Gulnur Muratboyeva 5-9 oktabr kunlari Tailandning Bangkok shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida bronza medalni qo‘lga kiritgan edi.

– Chempionat murosasiz bo‘ldi, dastlab xitoylik, so‘ng turkmanistonlik sportchi ustidan g‘alabaga erishdim, – deydi G.Muratboyeva. – O‘z ustimda yanada ko‘proq ishlab, xato va kamchiliklarimni tuzatishni, Osiyo chempioni bo‘lishni maqsad qilganman.

Tajribali murabbiy Bayram Satullayev rahbarligida yetti yildan buyon dzyudo bilan shug‘ullanayotgan Gulnur Muratboyeva shu kunga qadar yetti marta O‘zbekiston chempioni, uch marta xalqaro turnirlar g‘olibi bo‘ldi. Joriy yilning aprel oyida Rossiyaning Tver shahrida o‘tkazilgan Yevropa ochiq kubogi musobaqasida uchinchi o‘rinni egalladi.

Top