12:31 / 23.10.2015
3024

Atirau shahridagi xalqaro anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili ishtirok etdi

21 oktabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot kotibi J. Nuriddinov Qozog‘istonning Atirau shahrida “Islom madaniyati: hozirgi zamon tahdidlari va ularga qarshi kurash yo‘llari va uslublari” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasida ishtirok etdi.

Anjuman Kerey va Jonibek xonlari Qozoq xonligiga asos solganining 550 yilligi, Qozog‘iston Konstitutsiyasining va Qozog‘iston xalqlarining Assambleyasi tuzilganining 20 yilligini nishonlash yuzasidan tashkil etildi.

Konferentsiyaning yalpi majlisi Atirau viloyat hokimiyati majlislar zalida bo‘lib o‘tdi.

Unda Misr, Livan, Turkiya, Rossiya, O‘zbekiston va Qirg‘izistondan taniqli olimlar hamda tajribali ekspertlar qatnashishdi. Mazkur mamlakatlardan din sohasidagi davlat idoralari, ilmiy tadqiqot muassasalari rahbarlari, ko‘zga ko‘ringan olimlar, dinshunoslik va sotsiologiya sohalari mutaxassislari ishtirok etishdi.

Yalpi majlisda J. Nuriddinov “Yoshlar tarbiyasi – tinchlik va barqarorlik omili” mavzusidagi so‘zi bilan chiqdi. Uning nutqi katta qiziqish bilan qabul qilindi.

Notiq so‘zining yakunida O‘zbekiston musulmonlari idorasidan olib kelgan “Smuta IGIL” nomli kitobdan va “Internetga in qurgan “o‘rgimchaklar” kitobidan anjuman prezidiumiga taqdim etdi. Prezidiumda Qozog‘iston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vitse-ministri M. Azilxanov va Qozog‘iston musulmonlari idorasi muftiy noibi Utpenov Naurizbay Taganuli kitoblarni qabul qilib olishdi.

Tushlikdan so‘ng konferensiya o‘z ishini seksiyalarda davom ettirdi. O‘zbekiston vakili “O‘rta Osiyoda islom tarixidagi shaxslar va xususiyatlar” deb nomlangan 2-seksiyasi ishida ishtirok etdi. Unda O‘MI Matbuot kotibi J. Nuriddinov “Tinchlik va osoyishtalik – buyuk ne'mat” mavzusida nutq so‘zladi.

Top