09:31 / 23.10.2015
2603

Facebook iPhone ilovasidagi xatolikni bartaraf qildi

Facebook ijtimoiy tarmog‘i mutaxassislari iOS uchun mo‘ljallangan ilovalardagi smartfon quvvatining tezda tugab qolishiga sabab bo‘layotgan nosozlikni bartaraf etishdi. Yangilangan ilova tez orada App Store`da paydo bo‘ladi.
Bu haqda kompaniya vakili Ari Grant o‘z sahifasida ma'lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kodlardagi xatolik smartfon protsessorini “yetib keldikmi”, deb tinimsiz takrorlayveradigan bolaga o‘xshatib qo‘ygan va ko‘p quvvat sarflanishga sabab bo‘lgan.
Shuningdek, musiqa eshitish yoki video tomosha qilishdan keyin iOS bazasidagi qurilma go‘yoki ovozi o‘chirilmagandek fon rejimi (protsessor faqatgina haqiqiy vaqt rejimida ishlaydigan vazifalardan bo‘sh bo‘lganda, amaliy jarayonlarni bajarishi)ga o‘tmay turavergan.
NBC xabariga ko‘ra, foydalanuvchilar ortiqcha energiya sarfiga ular turgan joyini kuzatishayapti, degan gumonga borishgan, biroq Grant mazkur xavotirni inkor qildi.
Facebook vakili foydalanuvchilardan uzr so‘rab, Android qurilmalarida bunday nosozlik mavjud emasligini qo‘shimcha qildi.

Top