07:38 / 23.10.2015
3582

Qirg‘izistonda davlat idoralarida amalga oshirilishi mo‘ljallangan 2 teraktning oldi olindi

Qirg‘iziston huquq-tartibot organlari binolarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan teraktlar fosh qilindi. Bu haqda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bergan.

Ma'lum qilinishicha, Bishkek shahri yaqinida o‘tgan haftada Qirg‘iziston fuqarosi D.N terakt amalga oshirishga tayyorlanishda gumon qilinib, qo‘lga olingan.

U mamlakatda taqiqlangan terroristik tashkilotlardan birining a'zosi ekani aniqlangan. U yaqin vaqt ichida davlat ma'muriyati idoralarida teraktlar amalga oshirishni mo‘ljallagani ma'lum bo‘lgan.

Uning uyi tintuv qilinganida, bu yerdan qo‘lbola portlovchi qurilmalar yasashda qo‘llaniladigan ammiak selitrasi, vodorod peroksidi, oltingugurt kukuni, simlar, kislotali shishalar, bombani harakatga keltirishda foydalanishi mo‘ljallangan mobil telefonlar topilgan.

Uydan shuningdek, hujum rejasi, portlovchi qurilmalarni yasashni o‘rgatuvchi qo‘llanma, diniy adabiyotlar (disklar va kitoblar), hukumatga qarshi varaqalar hamda sovuq qurollar aniqlangan.

Tergov vaqtida u o‘zining terroristik tashkilot a'zosi ekaniga iqror bo‘lgan. U tashkilot rahbarlaridan Qirg‘iziston hududida teraktlar amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatma olgani ma'lum bo‘lgan.

Bundan tashqari, uning guvohligi asosida Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lgan yana bir terrorchi qo‘lga olingan.

Ayni vaqtda bu bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. Qo‘lga olinganlar qattiq nazorat ostida saqlanmoqda.

Ularning aynan qaysi tashkilot a'zolari ekaniga aniqlik kiritilmagan.

Top