15:17 / 24.10.2015
3422

AQShda muhandis Eron foydasiga josuslik qilganlikda ayblanib, 8 yilga qamaldi

AQShda harbiy sanoat kompleksidagi bir qator kompaniyalarda ishlagan muhandisga josuslik qilgani uchun 8 yilu bir oylik qamoq va 50 ming dollar miqdoridagi jarima jazosi tayinlandi. Ushbu qaror Xartford shahri (Konnektikut shtati) sudi tomonidan e'lon qilingan.

Xabarda aytilishicha, 61 yoshli Muzaffar Xazaiy Eronning bir qator ilmiy-tadqiqot tashkilotlariga sanoat sirlariga oid 1,5 mingta hujjat va mudofaa texnologiyalariga doir yana 600 ta hujjatni berganlikda ayblandi. Bunday hujjatlari orasida AQSh Harbiy-havo kuchlari uchun mo‘ljallangan F-35 va F-22 Raptor qiruvchi samolyotlari reaktiv dvigatellariga oid ishlanmalar ham bo‘lgan.

"AQShdagi harbiy sanoat kompleksidagi bir qator kompaniyalarda muhandis bo‘lib ishlagan Xazaiy tomonidan Erondagi texnika universitetlariga yuborilgan hujjatlarda milliy sanoat va tadqiqot muassasalari uchun kerakli ma'lumotlar va tajribalar bor edi", deyiladi Konnektikut prokuraturasi ma'lumotida.

Sud uning hukmni yengillashtirish haqidagi iltimosnomasini rad etdi. "Men albatta mamlakatimga ziyon yetkazish niyatida emasdim. Hech qanday yomon niyatim bo‘lmagan. Eksport sohasiga oid cheklovlar bo‘yicha noto‘g‘ri harakatlandim", deydi muhandis avf so‘rab yozgan murojaatida.

Ma'lumot uchun, u Eronda tug‘ilib, o‘sgan. Keyinroq AQShga ko‘chib kelib, Oklaxoma shtatidagi universitetda ta'lim olgan. Amerika fuqaroligini olgan, Nyu-Meksiko shtatidagi universitetda ilmiy darajani qo‘lga kiritgan. Prokuratura ma'lumotlariga ko‘ra, 2013 yilning noyabrida Amerika bojxonasi Xazaiy Eronga yuborayotgan yuklarda maxfiy hujjatlarni topgan. 2014 yilning yanvarida u Nyuark shahridagi Liberti aeroportida hibsga olingan.

Top