15:29 / 24.10.2015
3987

O‘zbekistonda noqonuniy tekshirishlar miqdori 1 yil ichida 1,9 baravar kamaydi

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida adliya organlari va muassasalari tomonidan 2015 yilning 9 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar va kelgusida qilinishi lozim bo‘lgan vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.

Adliya vaziri M.Ikramov boshqargan yig‘ilishda ta'kidlanganidek, o‘tgan davr mobaynida adliya organlari tomonidan qonun ijodkorligi va huquqni qo‘llash borasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, 60ta normativ-huquqiy hujjat, shu jumladan 17 ta qonun loyihasi ishlab chiqildi. 714ta qonun hujjati hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining 1311ta qarorlari loyihalari huquqiy ekspertizadan, 307ta idoraviy me'yoriy hujjatlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Qonunchilikdagi o‘zgarishlarni inobatga olgan holda, tegishli vazirlik va idoralar oldiga 203ta idoraviy me'yoriy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish masalasi qo‘yildi.

Sudlarga kiritilgan 73,9 milliard so‘mdan ortiq da'vo arizalari qanoatlantirildi. Shikoyatlarni ijobiy hal etilishi natijasida 8764 nafar jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari tiklandi. 2979ta faoliyat ko‘rsatmayotgan tadbirkorlik sub'yektlarining faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularda 6561ta ish o‘rinlari yaratildi.

Malaka oshirgan yuridik xizmat xodimlarining soni o‘tgan yilga nisbatan 4,5 baravarga, faoliyati tiklangan tadbirkorlar soni 4,3 baravarga, amalga oshirilgan huquqiy targ‘ibot tadbirlari soni 10 foizga oshdi.

Tekshirishlar tartibini buzish holatlari qariyb 1,9 baravarga kamaygan.

“Keksalarni e'zozlash yili” Davlat dasturi ijrosi bo‘yicha 15 ta normativ-huquqiy hujjatlar, shu jumladan 3 ta qonun loyihalari huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 15 maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta'minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi yuzasidan bir qator normativ-huquqiy hujjatlarning ishlab chiqilishi va qabul qilinishi ta'minlandi.

Noqonuniy tekshirishlarni bartaraf etish, bu borada tezkorlik va shaffoflikni ta'minlash maqsadida endilikda, zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarining ijtimoiy hayotimizga chuqur kirib borayotganini inobatga olib “Tekshirishlarni ruyxatga olish” kitobining elektron shakli joriy etildi.

Yig‘ilishda Buxoro, Andijon va Sirdaryo viloyat adliya boshqarmalari faoliyatini kompleks o‘rganish natijalari ham atroflicha muhokama etildi. Ta'kidlanganidek, tadbirkorlar huquqlarini sud tartibida himoya qilish, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarda monitoring va so‘rov o‘tkazish, soliq imtiyozlari qo‘llanilayotgan korxonalar kesimida ma'lumotlar bazasini shakllantirish masalasiga yetarli e'tibor qaratilmaganligi tanqid qilindi hamda bu borada adliya organlari rahbarlarining axborotlari eshitildi. Kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Kengaytirilgan yig‘ilishda kuni kecha Vazirlar Mahkamasining joriy yil 9 oyida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari bo‘yicha belgilangan vazifalarni vakolat doirasida samarali bajarish, shuningdek, ijro va mehnat intizomini yanada kuchaytirish, qo‘llanilayotgan huquqiy ta'sir choralari samaradorligini oshirish, aniqlangan qonun buzilishi holatlari bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni belgilash va uni ijrosiga alohida e'tibor qaratish, qonun ijodkorligini yanada takomillashtirish, notariat tizimini malakali xodimlar bilan to‘ldirish, axborot xavfsizligiga rioya qilish hamda “Yagona portal” bilan ishlash sifatini yaxshilash yuzasidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.

Top