10:22 / 24.10.2015
4421

Pele: Men hali 1970 yilgi Peledan zo‘rroq futbolchini ko‘rganim yo‘q

23 oktabr kuni 75 yoshini nishonlagan Peledan ispaniyalik jurnalistlar intervyu olishdi.

U Marca muxbiri savollariga javob berar ekan, Braziliya futbolining hozirgi holati va zamonaviy futbol yulduzlari haqidagi fikrlarini bayon etgan.

Jurnalist undan Braziliya terma jamoasining yomon natijalariga nima sabab bo‘layotgani haqida so‘ragan.

"Dunyoning eng yaxshi futbolchilari hozir ham Braziliyada tug‘ilishadi. Muammo shundaki, ular pul topish uchun xorijga yo‘l olishadi va xorij futboliga moslashishadi", deydi "futbol qiroli".

U Braziliya futbolining jozibasi yo‘qolmaganini ta'kidlab, terma jamoaning o‘yin uslubi ham o‘zgarmasligini aytib o‘tgan.

Jurnalist Peledan "Messi va Ronaldu Pele va Maradona darajasiga chiqqani haqidagi gaplarga munosabatini so‘ragan.

"O‘ylaymanki, barcha davrning o‘z futbolchilari bo‘ladi. Bugun ikki zo‘r futbolchi bor - Messi va Ronaldu. Messi qat'iyatli futbolchining namunasi. Men ham o‘z vaqtida o‘zimni namoyon etish yo‘lida qiyinchiliklarni bosib o‘tishimga to‘g‘ri kelgan. Ronaldu esa yuqori toifali to‘purar. Uning o‘yinidan rohatlanaman", deydi sobiq futbolchi.

Jurnalist undan 1970 yilgi mundialda Pele ko‘rsatgan o‘yinni keyin kimdir takrorlay olgani yoki takrorlay olmagani bo‘yicha savolga tutadi.

"Betakalluflik uchun ma'zur tuting. Lekin Pele kabi futbolchi keyin bo‘lmadi", deydi Pele.

Top