18:11 / 24.10.2015
3305

Qirg‘iziston fuqarosi Dog‘istonda "Hizb ut-Tahrir" bo‘limini tuzganlikda ayblanmoqda

Qirg‘iziston fuqarosi Dog‘iston hududida ekstremistik "Hizb ut-Tahrir" tashkilotining kichik guruhini tashkil qilganlikda ayblandi. Bu haqda Rossiya matbuotida xabar tarqatilgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Shimoliy-Kavkaz harbiy sudi dog‘istonlik va qirg‘izistonlik ikki shaxsga nisbatan ayblov e'lon qilgan. Ular "Hizb ut-Tahrir al-Islomiy" guruhining Dog‘istondagi bo‘limini tuzishda ayblangan.

Aniqlik kiritilishicha, 2013 yilning dekabrida o‘tkazilgan maxsus amaliyot chog‘ida ekstremistik tashkilotning Dog‘istondagi bo‘limi rahbari sifatida Qirg‘iziston fuqarosi Kozimjon Sheraliyev qo‘lga olingandi.

Dog‘iston prokuraturasi Kozimjon Sheraliyev, Shomil Ramazonov va Umar Nikiforovga nisbatan ayblov e'lon qilgan.

Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, bu shaxslar Rossiya hududida taqiqlangan g‘oyalarni faol ravishda tarqatish, odamlarni tashkilot tarkibiga jalb qilish va Rossiya qonunchiligiga qarshi targ‘ibot o‘tkazish bilan shug‘ullanishgan.

23 oktabr kuni “Hizb ut-Tahrir”ning Moskvadagi bo‘limlaridan birining yetakchisi bo‘lgan tojik qo‘lga olingani xabar qilingandi.

Top