12:39 / 24.10.2015
52363

Xonandalar Dilso‘z va Farrux Raimov 4 yil oldin turmush qurishgani ma'lum bo‘ldi

Ijtimoiy tarmoqlarda hamon xonandalar Dilso‘z va Farrux Raimov atrofidagi g‘iybatlar davom etmoqda.

1 hafta oldin Dilso‘z taxallusi bilan ijod qiluvchi Go‘zal Jumaniyozova-Raimova Toshkentdagi 6-tug‘ruqxonada ilk farzandini dunyoga keltirgani xabar qilingandi.

Bu haqida ma'lumot paydo bo‘lgach, internet foydalanuvchilari xonanda Dilso‘z va “Mango” guruhining sobiq a'zosi, hozirda o‘zi mustaqil ijod qilayotgan Farruh Raimovning nikoh to‘yi shu yilning aprelida, ya'ni bundan 7 oycha muqaddam bo‘lib o‘tganiga e'tibor qaratishib, ushbu chaqaloqning nega "erta tug‘ilganiga" qiziqa boshlashib, turli taxminlar hamda kinoyalar bildira boshlashdi.

Bugun esa Telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali Dilso‘zning tug‘ruq jarayoniga oid suratlar tarqatildi.

Xonandalar atrofidagi bunday gap-so‘zlar bo‘yicha oydinlik kiritish maqsadida Kun.uz tahririyati Farrux Raimov bilan telefon orqali bog‘landi.

Farrux Raimov muloqot chog‘ida Go‘zal Jumaniyozova bilan bir shaharda yashagani, hatto ular 10 kun farqi bilan bitta tug‘ruqxonada dunyoga kelishgani (1989 yilda) haqida aytib berdi.

Ma'lum bo‘lishicha, o‘sha vaqtdayoq chaqaloqlarning onalari quda bo‘lishni niyat qilishgan, Farrux va Go‘zal bir-birlarini bolalikdan yaxshi tanishgan.

"4 yil oldin nikohdan o‘tgandik. Ma'lum sabablarga ko‘ra elga to‘y qilib, bu haqida e'lon qilmaganmiz.

Faqat aprelda nikoh to‘yini qilib berdik. Avvaliga 15 aprelda Navoiyda, 21 aprelda Toshkentda xalqqa to‘y qildik.

Odamlar buni noto‘g‘ri tushunishmasin va turli shubhalarga berilishmasin", deydi Dilso‘zning turmush o‘rtog‘i.

U shuningdek, internet orqali tarqalayotgan suratlar bo‘yicha ma'lumot berib, bu suratlar shifoxonaning turg‘uq jarayoniga aralashmagan boshqa xodimi tomonidan tushirilgan bo‘lishi mumkinligini, buni aniqlash jarayoni ketayotganini bildirgan.

Uning qo‘shimcha qilishicha, aybdor topilib, jazolanishi kerak.

U jamiyatdagi odamlarning o‘zgalar hayotiga aralashishni kanda qilishmayotganidan ranjiyotganini ma'lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 18 oktabrda xonandalar Dilso‘z (Go‘zal Jumaniyozova-Raimova) va “Mango” guruhining sobiq a'zosi, hozirda o‘zi mustaqil ijod qilayotgan Farrux Raimov qiz farzandlik bo‘lishgani haqida xabar qilingandi.

Go‘zal o‘z ijodiy taxallusini qiziga ism qilib berishga qaror qilgan va unga Dilso‘z deb ism bergan.

Top