10:55 / 25.10.2015
3280

OAV: Yaponiya Hindistonga tezyurar temir yo‘l qurish uchun 15 mlrd dollarlik kredit taklif qildi

Yaponiya Hindistonga uning kompaniyalari tomonidan Mumbay (Maxarashtra shtati) va Ahmadobod (Gujorat shtati) shaharlari orasida Hindistondagi birinchi tezyurar temir yo‘l qurish uchun 15 mlrd dollarlik kredit ajratishni taklif qildi. Bu haqda “Hindiston temir yo‘llari” davlat kompaniyasi boshqaruvchi direktori A.K.Mittal jurnalistlarga ma'lum qildi.

“Bir nechta yapon kompaniyalari temir yo‘l qurilishi sohasida bizga texnologiyalarni berishni taklif qilishmoqda. Biroq biz hozircha texnologiya va moliyalashtirish borasida faqat bittagina taklif oldik”, deb Mittalning aytgan so‘zlarini keltirmoqda Economic Times nashri.

Kredit 1 foizlik imtiyozli stavka bo‘yicha taklif qilinmoqda. Agar Hindiston taklifni qabul qilsa, unda u temir yo‘l uchun 30 foizdan ko‘proq uskuna, vagon va lokomotivlarni yapon kompaniyalaridan sotib olishi kerak bo‘ladi.

Hozircha Hindiston tender o‘tkazish orqali temir yo‘lni kim qurishini tanlamoqda va uning natijalarini yaqin orada e'lon qiladi. Tezyurar poyezdda ikki shahar orasidagi 500 km dan ziyodroq masofani bosib o‘tish vaqti 7 soatdan 2 soatgacha qisqaradi.

Avvalroq Xitoy Nyu-Dehlidan Mumbayga (1,2 ming km) quriladigan tezyurar temir yo‘l loyihasining texnik-iqtisodiy asoslanishi ustidagi ishlarni yakunlagan edi. Hozircha Pekin tomonidan bu loyihaning amalga oshirilishi uchun kredit taqdim qilinishi haqida gap ochilmagan.

Top