10:31 / 26.10.2015
2372

Lyuis Hemilton «Formula-1» musobaqalaridagi unvonlari bo‘yicha o‘z kumiri Ayrton Sennadan o‘zib ketdi

Britaniyalik avtopoygachi «Mersedes» jamoasi a'zosi Lyuis Hemilton «Formula-1» musobaqalarida chempionlik unvoni bo‘yicha o‘zining kumiri braziliyalik marhum sportchi Ayrton Sennani ortda qoldirdi. Bu haqda RIA «Novosti» nashri xabar tarqatmoqda.

Yakshanba kuni Hemilton AQSh Gran-prisida marraga birinchi bo‘lib yetib keldi va uch karra jahon chempioniga aylandi. Britaniyalik sportchi hisobida hozirda 327 ochko bor va qolgan uchta bosqichda o‘zining raqobatchilari — Sebastyan Fettel («Ferrari») va Niko Rosbergni («Mersedes») yetib bo‘lmaydigan farq bilan ortda qoldirib ketdi. Natijada Hemilton mazkur musobaqalar tarixida uch marotaba chempionlikni qo‘lga kiritgan o‘ninchi poygachiga aylandi.

2014 yilgi musobaqalarda Hemilton Rosberg bilan bosh sovrin uchun kurash olib borgan va faqatgina so‘nggi bosqichdagina g‘alabani qo‘lga kirita olgandi.

Sochidagi bosqichda Hemilton o‘zining bosqichlardagi 42-g‘alabasini qo‘lga kiritgan va Ayrton Sennani ortda qoldirgandi. AQShdagi bosqich g‘olibligidan keyin britaniyalik sportchi Fettelni (42) ortda qoldirdi va bu borada uchinchi ko‘rsatkichni qayd etmoqda. Hemiltondan yuqoriroq natijani faqatgina Alen Prost (51) va afsonaviy Mixael Shumaxer qayd etishgan (91).

Top