19:32 / 26.10.2015
66189

O‘zbekistonda xorijga chiqish tartibiga o‘zgartirish kiritildi

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 22 oktabrdagi 301-sonli qarori bilan O‘zbekiston Prezidentining 2014 yil 5 martdagi “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish choralari to‘g‘risida”gi PQ-2142-sonli qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.  

O‘zbekiston fuqarosining xorijga chiqishi va O‘zbekiston hududiga kirishi tartibi xorijda bo‘lganda stikerning (Vizalar va ro‘yxatga olish bo‘limining (OVIR) xorijga chiqish uchun beriladigan ruxsatnomasi) yo‘qligi uchun javobgarlikni belgilovchi me'yor bilan to‘ldirildi. O‘zbekistondan yoki xorijiy davlatlardan (kirish uchun viza talab qilinmaydigan davlatlar) boshqa davlatlarga stikerni rasmiylashtirmasdan chiqish (kirish uchun viza talab qilinmaydigan davlatlar bundan mustasno) javobgarlikka tortiladi.   

Misol uchun, O‘zbekiston fuqarosi chiqishga ruxsat beruvchi strikerni rasmiylashtirmasdan Qozog‘istonga chiqdi (vizasiz tartib o‘rnatilgan). Bu holatda qoidabuzarlik yo‘q. Biroq fuqaro stikersiz O‘zbekistondan  misol uchun, kirish uchun viza talab qilinadigan Germaniyaga chiqmoqchi bo‘lsa yoki Qozog‘istonda bo‘la turib Germaniyaga tegishli stikerni olmay chiqsa, unda bu qoidabuzarlik bo‘ladi va O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 233-moddasida ko‘zda tutilgan ma'muriy javobgarlikka tortiladi, ya'ni eng kam ish haqining 200 tadan 400 tagacha barobarida jarimaga tortiladi. 

Qabul qilingan hujjatga ko‘ra, stikerning amal qilish muddati xorijda tugashi O‘zbekistonga kirishda javobgarlikka tortishga asos bo‘la olmaydi.  

Misol uchun, fuqaroning kirish uchun viza tartibi o‘rnatilgan AQShda stiker muddati tugagan bo‘lsa, u O‘zbekistonga qaytishi yoki boshqa davlatga borishi mumkin va bu qoidabuzarlik bo‘lmaydi. Biroq fuqaro O‘zbekiston bilan viza tartibi o‘rnatilmagan biror davlatga, misol uchun Rossiyaga kelib, u yerdan O‘zbekistonga qaytmay boshqa davlatga ketsa, misol uchun Qirg‘izistonga, unda fuqaro avvalgi holatdagidek javobgarlikka tortiladi.      

Shuningdek, hujjatda O‘zbekistondan tashqarida bo‘lgan fuqaroning pasport olishi va stikerni rasmiylashtirish me'yori o‘zgartirildi.   

Xorijga vaqtinchalik yashash uchun (xizmat safari, o‘qish, davolanish, shartnoma bo‘yicha ishlash) ketgan va vaqtinchalik konsullik hisobida turgan O‘zbekiston fuqarosi muddati tugashi, vizalarni belgilash uchun sahifalarning tugashi, yo‘qotilishi yoki shikast yetkazilishi sababli pasportini almashtirish yoki stikerni rasmiylashtirish uchun O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalari va konsulliklariga o‘rnatilgan shakldagi ariza bilan murojaat qiladi.    

Fuqarolarning arizalari elchixonalar yoki konsulliklar tomonidan rasmiylashtirilib, Tashqi ishlar vazirligi orqali pasportni rasmiylashtirish uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markaziga va stikerni rasmiylashtirish uchun Ichki ishlar vazirligiga jo‘natiladi. Rasmiylashtirilgan hujjatlar yana TIV orqali egasiga qaytariladi. Rasmiylashtirish muddati 30 ish kunidan oshmasligi kerak.   

16 yoshga to‘lmaganlar uchun viza talab qilinmaydigan davlatlarga chiqishda xorijga chiqish uchun ruxsatnoma yozuvi stikeri talab qilinmaydi.

Top