06:59 / 26.10.2015
8916

Sirdaryoning chap qirg‘og‘ida, Qozog‘istonning Qizilo‘rda viloyatida yangi shahar barpo etiladi

Sirdaryoning chap qirg‘og‘ida, Qozog‘istonning Qizilo‘rda vilotida yangi shahar barpo etiladi, deb aytdi Qizilo‘rdada bo‘lib o‘tgan XIII Respublika shaharsozlik anjumanida Qizilo‘rda viloyati akimi (hokimi) Qrimbek Qusherboyev.

Tadbirda quruvchilar, arxitektura va shaharsozlik tashkilotlari rahbarlari, bosh arxitektorlar, muhandislar, loyihalash tashkilotlari va dizaynerlar jamuljam bo‘lishdi. Anjuman doirasida ko‘rgazma tashkil etilib, unda eng yaxshi arxitektura va shaharsozlik loyihalari namoyish qilindi, deb xabar bermoqda Qizilo‘rda akimati (hokimligi) matbuot xizmati. 

“Yevropacha qarashga ega odamlar Buyuk dashtda shaharlar bo‘lmagan deb ta'kidlamoqdalar. Biroq Qozoq xonligi vujudga kelishi davrida Sirdaryo bo‘yida 32 ta shahar bo‘lgan. Hozirgi Qizilo‘rda viloyati hududining o‘zidagina 4 ta poytaxt bo‘lgan. Ajdodlarimizning an'analarini davom ettirgan holda, biz Sirdaryoning chap qirg‘og‘ida katta bunyodkorlik ishlarini amalga oshirmoqchimiz. Bungacha bizning shahar daryoning o‘ng tarafida bo‘lgan. Biz bu bunyodkorlik ishlarini davlatimiz rahbarining jasoratidan ilhomlanib amalga oshirishga qaror qildik. Chap qirg‘oqda 90 ming kishiga mo‘ljallangan yangi shahar bunyod etiladi. Bunda asosiy e'tibor shaharni milliy va sharqona uslubda yaratilishiga beriladi”, deb aytdi akim.

Oxirgi yillarda Qizilo‘rda viloyati ulkan qurilish maydoniga aylandi. Joriy yilda qurilish ishlari hajmi 3,5 barobarga, viloyat markazida esa 8 barobarga oshdi. Hozir chap qirg‘oqqa ko‘prik qurish ishlari olib borilmoqda.

Qozog‘iston shaharsozlar ittifoqi prezidenti Lyubov Nishonboyevaning ta'kidlashicha, Qizilo‘rda shaharsozligini rivojlantirishda asosiy e'tibor Ostonadagi kabi daryoga qaratiladi.  

Anjumanda, shuningdek, Boyqo‘ng‘ir shahrining sayyohlik salohiyati hamda Qozog‘iston shaharlarining arxitekturaviy o‘ziga xosliklari muhokama qilindi.

Top