19:29 / 27.10.2015
5022

Afg‘onistonda zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 115 kishiga yetdi

Afg‘onistonda mintaqada 26 oktabrda yuz bergan zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 115 kishiga yetdi, 538 dan ortiq kishi jarohat oldi. Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani Ahmadzoy bergan bu ma'lumotlarni Xitoyning “Sinxua” agentligi keltirib o‘tdi.

Zilzila 26 oktabrda Afg‘oniston vaqti bilan 13:39 da (Toshkent vaqti bilan 14:19 da) sodir bo‘ldi. AQSh geologik xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, zilzila magnitudasi 7,5 ballni, Pokiston geologik departamenti ma'lumotlariga ko‘ra esa 8,1 ballni tashkil qilgan. Keyinroq shu hududda 4,1-4,8 magnitudali yana bir qator zilzilalar qayd etilgan.

Zilzila kuchi, shuningdek, Rossiya, Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan O‘zbekiston va Sharqiy Osiyoning ko‘plab davlatlarida sezilgan.

Zilziladan Pokistonning Afg‘oniston bilan chegaradosh Xayber-Paxtunxva viloyati va “qabilalar hududi” deb ataluvchi joylari eng katta talofatlar ko‘rdi. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Pokistonda kamida 275 kishi halok bo‘lgan, 2 mingdan ko‘proq odam jarohat olgan, yuzlab uylar vayron bo‘lgan. Ko‘pchilik yangi zilzilalar ro‘y berishi mumkinligidan binolarga qaytishga qo‘rqib, kechani ko‘chada o‘tkazishgan. Viloyatda favqulodda vaziyat e'lon qilingan.

Yaqin atrofdagi davlatlardan Hindiston eng kam talofat ko‘rgan, bu yerda 4 kishi halok bo‘lgan, o‘ndan ko‘proq odam jarohat olgan.

Top