11:19 / 27.10.2015
6909

Afg‘onistondagi zilzila tufayli halok bo‘lganlar soni 350 nafarga yetdi

Avval xabar berilganidek, Afg‘onistonda 26 oktabr kuni 7,5 balli yer qimirlashi sodir bo‘ldi. Uning ta'sri O‘rta Osiyoning boshqa respublikalarida ham sezildi. Ko‘plab shahar va qishloqlarda aholining uylari, maktablar va boshqa binolar shikastlandi.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu yer qimirlashi tufayli Afg‘onistonda 70 kishi, Pokistonda 275 kishi, Hindistonda esa 4 kishi halok bo‘lgan.

Shuningdek, zilzila tufayli jarohatlanganlar soni Afg‘onistonda 200dan ortiq, Pokistonda 2 mingdan ortiq, Hindistonda esa bir necha 10 kishini tashkil qildi.

Qurbonlar orasida Afg‘onistonning Tohar viloyati maktablardan birida, evakuatsiya vaqtida yuz bergan tiqilinch tufayli qurbon bo‘lgan 12 nafar o‘quvchi qiz ham bor. Yer silkinishi boshlanganidan keyin, maktab binosidan qochib chiqmoqchi bo‘lganlar soni ko‘p bo‘lgan va kuchli tiqilinch yuz bergan.

Ayni vaqtda tog‘li hududlardan jabrlanganlar va uylarning vayron bo‘lgani haqidagi xabarlar kelishda davom etmoqda. Afg‘onistonning Badaxshon viloyatida o‘nlab uylar buzilib ketgan. Kobulda ham yer qimirlashidan so‘ng ko‘plab binolar elektrdan uzilib qolgan, telefon tarmog‘i ishlamay qolgan.

Hukumat falokat qurbonlari soni ortishi mumkinligini ta'kidlab, hozirda uzoq tumanlardan ma'lumotlar olinmagani aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Afg‘onistonda 26 oktabr kuni soat 14.09da magnitudasi 7,5 ball bo‘lgan yer qimirlashi sodir bo‘ldi.

Yevropa-O‘rta Yer dengizi seysmologiya markazining ma'lum qilishicha, zilzila markazi Afg‘oniston poytaxtidan shimoli-sharqiy tomonga 259 km uzoqlikda Hindukush tog‘larida, o‘chog‘i 190 km chuqurlikda bo‘lgan.

Top