10:22 / 27.10.2015
5068

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti: qayta ishlangan go‘sht mahsulotlari tanovul qilish saraton paydo bo‘lish xavfini oshiradi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Saratonni o‘rganish xalqaro agentligi mutaxassislari qayta ishlangan go‘sht mahsulotlari iste'mol qilish onkologik kasalliklarga olib keladi, degan xulosaga keldilar.

BMT yangiliklar markazining ma'lum qilishicha, mutaxassislar qayta ishlangan go‘sht mahsulotlari hamda oshqozonosti bezi va prostata bezi saratoni yuzaga kelishi o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik borligini ta'kidlashmoqda.

Qayta ishlangan go‘sht mahsulotlariga mol yoki cho‘chqa go‘shtidan tayyorlangan vetchina, sosiska va solonina (tuzda uzoq saqlash orqali olingan go‘sht mahsuloti) ham kiradi. Bunday go‘shtning har 50 grammi yo‘g‘on va to‘g‘ri ichak saratoni rivojlanishi xavfini 18 foizga oshiradi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotida nafaqat qayta ishlangan, balki umuman istalgan “qizil” go‘sht iste'mol qilish onkologik kasalliklarning rivojlanishi xavfini oshiradi, deb ta'kidlashmoqda.
Eslatib o‘tamiz “qizil” go‘shtga tovuq, g‘oz va o‘rdak oyoqlari, katta yoshdagi mol go‘shti, qo‘y go‘shti, cho‘chqaning yog‘li turlari go‘shtlari kiradi. “Oq” go‘shtga esa tovuq, kurka va boshqa parrandalarning ko‘krak va qanot qismlari go‘shti, quyon, qo‘zichoq va yosh mol (2 yoshdan katta bo‘lmagan) go‘shti, cho‘chqa go‘shtining parhezbop qismlari kiradi. “Oq” go‘shtda “qizil” go‘shtga nisbatan qamroq miqdorda xolesterin va mioglobin saqlanadi.

Top