14:39 / 28.10.2015
4246

Afg‘onistondagi zilzila tufayli halok bo‘lgan pokistonliklar soni 255 nafardan oshdi

26 oktabr kuni markazi Afg‘onistonda bo‘lgan 7,5 magnitudali zilzila tufayli Pokiston hududida halok bo‘lganlar soni 255 nafarni tashkil etmoqda.

Oxirgi ma'lumotlarda qurbonlar soni 200 nafar ekani aytilgandi.

Pokistondagi Tabiiy ofatlar bo‘yicha milliy boshqarma ma'lumotiga ko‘ra, 1697 kishi zilzila tufayli jarohatlangani qayd etilgandi.

Talofat ayniqsa Xayber-Paxtunxva viloyatida jiddiy bo‘lgan. Bu hududda 208 kishi halok bo‘lgan, 9209ta uy buzilgan.

"Xayber-Paxtunxva viloyatiga qutqaruv vertolyotlari yuborilgan. Hozirgacha jabrlanuvchilar uchun 2500ta yopinchiq, 3250ta chodir va 2000ta to‘shama ajratilgan", deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Afg‘onistonda 26 oktabr kuni 7,5 balli yer qimirlashi sodir bo‘ldi. Uning ta'siri O‘rta Osiyoning boshqa respublikalarida ham sezildi. Ko‘plab shahar va qishloqlarda aholining uylari, maktablar va boshqa binolar shikastlandi.

Zilzila markazi Afg‘oniston poytaxtidan shimoli-sharqiy tomonga 259 km uzoqlikda Hindukush tog‘larida, o‘chog‘i 190 km chuqurlikda bo‘lgan.

Top