21:16 / 28.10.2015
2696

«Anderlext» futbolchilari Ozarbayjondagi mag‘lubiyat uchun muxlislarga tovon puli to‘lashadi

Belgiyaning «Anderlext» jamoasi futbolchilari Yevropa Ligasi doirasida Ozarbayjonning "Qorabog‘" jamoasidan uchralgan mag‘lubiyat tufayli o‘z muxlislariga tovon puli to‘lashadi.

Belgiyaning nieuwsblad.be nashrida yozilishicha, jamoa o‘zini safar o‘yinida qo‘llab-quvvatlash uchun Bokuga borgan 53 nafar muxlisga pul mablag‘lari ko‘rinishida tovon to‘lashadi. Shuningdek, bu muxlislar jamoa bazasiga tashrif buyurishlari va futbolchilar bilan uchrashishlari mumkin.

«Anderlext» 1 oktabr kuni "Qorabog‘"ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lgan. Ayni vaqtda jamoa Yevropa Ligasining J guruhida 4 ochko to‘plagan holda "Tottenhem" bilan 2 va 3 o‘rinlarni bo‘lishib turibdi. Guruh peshqadami "Monako" hisobida 5, autsayder "Qorabog‘" hisobida 3 ochko mavjud.

Ma'lumot uchun, «Anderlext» Belgiyaning 33 karra chempioni hisoblanadi. Jamoa 1983 yilda UYeFA Kubogida g‘alaba qilgan, 2 marta Kubok egalari kubogida zafar quchgan.

Top