08:25 / 28.10.2015
2476

BMT Luganskda faoliyat yuritishga ruxsat oldi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Luganskda ish olib borishga ruxsat oldi, deb xabar bermoqda RIA “Novosti” axborot agentligi. Bu haqda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) vakili Martin Saydik ma'lum qildi.

“Bugun mamnuniyat bilan shuni ma'lum qilamanki, kelib tushgan axborotga ko‘ra, BMT agentliklari Lugansk viloyatining alohida tumanlarida ishlashlari mumkin bo‘ladi”, deb aytdi Saydik.

Saydik “Donetskning alohida hududlari ham bu ibratli ishga amal qilishadi”, deb umid bildirdi.

Avvalroq Donbass uchun insonparvarlik yordami olib ketayotgan BMTning 800 ga yaqin yuk mashinasi o‘zini mustaqil deb e'lon qilgan, tan olinmagan Donetsk xalq respublikasi va Lugansk xalq respublikasi hududlariga kira olmayotgani ma'lum qilingandi.

Saydikning ma'lum qilishicha, "DXR" va "LXR" ayirmachilari hududida bir oydan beri BMT tashkilotlarining faoliyat olib borishiga taqiqlov amal qilmoqda. Ushbu respublikalar vakillari bunday chora ko‘rilganini BMT tomonidan noto‘g‘ri rasmiylashtirilgan hujjatlar taqdim qilingani bilan tushuntirishmoqda.

Top