22:39 / 28.10.2015
3217

Uchinchi chorakda Xorazm viloyatining YaHM hajmi 11,4 foizga o‘sdi

Xorazmda joriy yilning 9 oyida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida 337 milliard so‘mlik 1 ming 258 loyiha amalga oshirilib, 6,9 ming yangi ish o‘rni yaratildi.

Hisobot davrida viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 11,4, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 33,8, iste'mol tovarlari ishlab chiqarish 40,8, jami xizmatlar 13, bajarilgan pudrat-qurilish ishlari 9,9, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 6,4 foizga o‘sdi.

Xorazmda 2015 yilning to‘qqiz oyida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda 2015 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalari ijrosini ta'minlash chora-tadbirlari muhokamasiga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishida bu haqida alohida ta'kilandi.

Viloyat hokimi P.Bobojonov boshqargan yig‘ilish sim orqali muloqot tarzida tashkil etilib, unda viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari, boshqarma va idoralar, yirik sanoat korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari rahbarlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston prezidentining 2012 yil 22 noyabrdagi “2013-2015 yillarda Xorazm viloyati sanoati salohiyatini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori yuzasidan tuzilgan dasturga asosan 2013-2014 yillarda va 2015 yilning 9 oyi davomida 271,1 million dollarlik 277 loyiha amalga oshirilib, 8 ming 250 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi. “GM Uzbekistan” aksiyadorlik jamiyati Xorazm filiali tomonidan hisobot davrida 20 ming 667 “Damas”, 1 ming 315 “Orlando” va 356 dona “Labo” avtomobili ishlab chiqarildi. “Xorazm avtomobil ishlab chiqarish birlashmasi” mas'uliyati cheklangan jamiyati qoshida tashkil etilgan 10 yangi korxonada “Damas” avtomobili uchun o‘rindiqlar, o‘rta va mayda turdagi detallar, bamper va shtamplangan detallar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Hisobot davrida viloyatda turizmni rivojlantirish va sohani har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e'tibor qaratildi. Jumladan, 2013-2015 yillarda Xorazm viloyatida turizm sohasini rivojlantirish dasturiga asosan 100 dan ortiq loyiha amalga oshirildi, 46,3 million dollarlik investitsiya o‘zlashtirildi.

Joriy yilning 9 oyida mingdan ortiq yangi tadbirkorlik sub'yektlari tashkil etildi, sohaga tijorat banklari tomonidan 390,2 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratildi. “Keksalarni e'zozlash yili” Davlat dasturi ijrosini ta'minlashga 177,3 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Xorazm viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ikromov so‘zga chiqdi.

Top