13:58 / 29.10.2015
17384

Malika Egamberdiyeva: San'atkor baxti – muxlislar mehrini his etishda

Qahramonimiz Malika Egamberdiyeva 2015 yilning 30-31 oktabr kunlari poytaxtimizdagi muxtasham "Istiqlol" san'at saroiyida bo‘lib o‘tadigan ilk yakkaxon konsertini jonli ijro etishga qaror qildi. Kun.uz tahririyati ushbu konsert dasturi oldidan “Nihol” davlat mukofoti sovrindori Malika Egamberdiyeva bilan intervyu uyushtirib, san'atkorning dunyoqarashi, ichki olamni ko‘rsatishga qaratilgan noodatiy savollarni berishga qaror qildi.


Avvalo san'at olamiga qadam qo‘yishingizga hissa qo‘shgan ustozlaringiz haqida so‘zlab bersangiz.

Ustozlarim juda ham ko‘p. San'atga ilk bor maqom yo‘nalishida kirib kelganman. Bunda Abror Do‘stmatov, G‘anijon Vahobov, O‘lmas Rasulov, Mahfuza Karimova singari ustozlardan maqom yo‘nalishida tahsil olganman. Milliy estrada yo‘nalishida esa Gulsanam Mamazoitovani ustoz deb bilaman.

Ko‘pchilik sizni ustozingiz Gulsanam Mamazoitovaga o‘xshatishadi. Nafaqat uslub va ovozingiz, balki tashqi tomondan ham o‘xshab ketasizlar. Bu o‘xshashlik qay darajada tasodif?

Har bir insonning kumiri bo‘ladi. Men ham Gulsanam Mamazoitovani o‘zimga qahramon deb hisoblaganman, u kishining san'atlariga qattiq mehr qo‘yganman. Tashqi tomondan o‘xshashimiz esa, albatta, tasodif. Lekin ovozimiz, uslublarimizdagi o‘xshashlik haqida Otabek aka (Mamazoitov) ham ko‘p ta'kidlaydilar. U kishiga o‘xshashga har doim harakat qilganman.


Ustozingiz juda yosh bo‘lsa ham Xalq artisti unvoniga loyiq deb topildi. Yosh bo‘la turib bunday yuksak martabalarga erishishning mashaqqati, mas'liyatini qay darajada ado eta olish mumkin, deb o‘ylaysiz?

Bu narsaning erta-kechi bo‘lmaydi, nazarimda. Necha yillar mehnat qilib, unvonlarga ega bo‘lmaslik ham mumkin. Bu nasiba, omad. Ustozim ham yosh bo‘lganlari bilan arzir ekanki, vaqt-soati kelgan ekanki, Yurtboshimiz Gulsanam Mamazoitovaga mana shunday mukofotni loyiq ko‘rdi.

Ko‘plab san'atkorlardan farqli o‘laroq, bir necha kundan keyin boshlanadigan ilk yakkaxon konsertingizni jonli berishga qaror qildingiz. Bunga jur'at, kuchni qayerdan oldingiz?

Ko‘pincha o‘z imkoniyatimizni ko‘rsatishga qo‘rqamiz. Ota-onam, yaqinlarim “jonli ayta olasan, qachongacha konsertlar fonogramma orqali ijro etiladi. Kimdir qo‘l urishi kerak-ku”, deya dalda berganidan so‘ng shu qarorga keldim. Inson o‘zi uchun, mehnat qilishi uchun, bir emas, uch-to‘rt qadam oldiga odimlash uchun jur'at kerak.

Ijod jarayonida nimadan ko‘proq ilhomlanasiz?

Eng muhimi, muxlislar mehrini his etishda. Yon-atrofimda kimdir qo‘shiqlarimni miriqib tinglab turganini ko‘rsam, maroq bilan ijro etaman. Odamlar san'atimga loqayd bo‘lmasdan, qiziqish bilan tinglab turganini ko‘rganda, demak san'atim kimgadir kerak ekan, degan fikr uyg‘onadi. Ijod jarayonida esa menga sozandalar, do‘stlarimning daldasidan ilhom olaman.

Omad sari yetaklaydigan shaxsiy siringiz bormi?

Intilish, yonimdagi insonlarning to‘g‘ri maslahatlari, ustozlarning o‘gitlari.

O‘zingizga o‘xshagan odam bilan do‘stlashib keta olasizmi? Nima uchun?

Albatta do‘stlashib keta olaman. Yonimdagi odam men bilan bir xil fikrlasa yaxshi-ku. Shunda ishim oson bitadi. Kimdir orqaga, kimdir oldinga tortib tursa, ishlar ortga surilaveradi.

O‘zingizni boshqalarga o‘rnak sifatida ko‘ra olasizmi? Nima uchun?

Bu savolga bir narsa deyolmayman. Manmanlikka kiradi, nazarimda. Lekin yaxshi insonlarga o‘xshashga harakat qilayapmiz. Masalan, bizga ustozlik qilayotgan Gulsanam Mamazoitovaning kiyinish uslubi, milliylikka bo‘lgan mehri, insonlar o‘rtasida o‘zini tutish, so‘zlashish madaniyatiga havas qilganman. U kishiga o‘xshashga harakat qilaman.

Qanday insonlarni o‘zingizga dushman deb bilasiz? Nima uchun?

Nima desam bo‘ladi... Birovlar qilgan ishlarga bexurmatlik bilan qaraydigan kishilarni xushlamayman. Qo‘lidan kelgancha harakat qilayotgan insonni chalib yiqitish emas, uni qo‘llab-quvvatlash kerak.

Siz uchun hayotda eng muhim narsa nima?

Bizning dunyoga kelishimiz, voyaga yetishimizga sabab bo‘lgan ota-onamizning roziligini olish, ularga munosib farzand bo‘lish.

Tasavvur qiling, qo‘lingizga xazina tushib qoldi. Uni nima maqsadda sarflagan bo‘lardingiz?

Ezgu ishlarga sarflagan bo‘lardim. Ko‘plab insonlar yordam so‘rab murojaat qiladi. Qo‘limizdan kelganicha yordam beramiz. Lekin, baribir, bizdayam imkoniyat cheklangan. Muhtojlikdan farzandini davlat qaramog‘iga qoldirib ketganlarni juda ko‘p ko‘rganmiz. Katta boylik topib olsam, ana shunday oilalarning butunligi, bizning ko‘magimizga muhtoj kishilarning salomatligi uchun sarflagan bo‘lar edim.

Erta turmushga munosabatingiz qanday?

Albatta bu noto‘g‘ri. Hali biror kasbni egallamasdan, mustaqil yashashga qadam tashlamasdan turib oila qurib olib, so‘ngra ota-onasi qaramog‘ida qolib ketgan yoshlar uchrab turadi. Ota-onasining istaklarini deb erta nikoh qurgan oilalarda nogiron farzandlarning dunyoga kelayotgani, kalta o‘ylash oqibatida bir-biri bilan tezda ajrashib ketayotgani achinarli. Shu sababdan har narsaning o‘z o‘rnida bo‘lishini ma'qullayman.

Hayotingizda sizga berilgan eng to‘g‘ri maslahat nima bo‘lgan va uni kim bergan?

Ota-onamning har doim to‘g‘ri so‘zla, birovlarning haqqiga xiyonat qilma, degan o‘gitlariga har doim rioya etishga intilaman. Bular mening shiorim, desam ham bo‘ladi.

Kamchiliklaringiz haqida o‘ylaysizmi? Ularni bartaraf qilish uchun nimalar qilasiz?

Bu haqda juda ko‘p fikr yuritaman. Har kuni kechqurun bugun qayerda qanday xatoga yo‘l qo‘ydim, kimga nisbatan og‘ir gapirdim, deya o‘zimga savol beraman. O‘ylayverib-o‘ylayverib sochimga ham oq tushdi (kuladi).

Bo‘sh vaqtingizni nimalarga sarflaysiz?

Hozirgi kunda bo‘sh vaqt bo‘lishi bilan ustozlarim o‘rgatgan mashqlarni bajarish bilan bandman. Umuman olganda esa, oshxonada o‘zim iste'mol qilishni istagan taom, pishiriqlarni tayyorlashni xush ko‘raman.

24 soat ichidagi eng yaxshi ko‘rgan vaqtingiz qachon?

Oila a'zolarim bilan bir dasturxon atrofida o‘tirgan vaqt men uchun eng yoqimli payt.

Yaxshi va yomon odamlarni qanday qilib ajrata olasiz?

O‘zini tutishi, xatti-harakati, gap-so‘zidan. Oxirgi paytlar xalq ichida yuraverib, qariyb 70 foiz holatda odamlarning qandayligini bir suxbatlashganda payqab qolayapman, lekin 30 foiz odamlar to‘g‘risidagi tasavvurim hali ham yolg‘on bo‘lib chiqayapti.

Virtual do‘stlik, virtual munosabatlarga qanday baho berasiz?

Bu borala fikrim ijobiy. Internet bir-biriga munosib insonlarning topishishiga yordam berayapti. Bugungi rivojlangan zamonda do‘stlar internet orqali bir-birlarining ahvolidan, qayerdaligidan xabardor bo‘lib turibdi. Lekin, baribir, yoningizdagi chinakam do‘st, ko‘rib-bilib tanishgan insonga yetmaydi, deb o‘ylayman.

Savolning mantiqiy davomi: ijtimoiy tarmoqlarda qay darajada faolsiz?

O‘zim ijoddan chalg‘ib qolmaslik uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmayman. Lekin telegram va instagramdan foydalanganman.

Hayotda nimagadir erishish uchun nimadandir voz kechish kerak, degan fikrga qanday qaraysiz?

Bu narsani vaziyat taqozo qiladi. Gohida shunday qilishimizga ham to‘g‘ri kelgan. Masalan, akam uylangan kuni xalq xizmatida bo‘lganimiz uchun to‘yga kechasi 10da kirib borganman. Lekin, Xudoga shukur, shu paytgacha juda katta narsadan voz kechishimga to‘g‘ri kelmagan.

Sog‘lig‘ingiz borasida oxirgi marta qachon qayg‘urdingiz va qay tarzda?

Har doim shifokor nazoratida bo‘lishga intilaman. Ayniqsa konsert oldidan gripp, shamollash boshlanmayaptimi, deb har kuni tekshirtirayapman. Oxirgi marta esa bugun ertalab Mahfuza opa degan o‘zimizning hamshiramizga uchrashdim.

Sizningcha insoniyatga nima yetishmayapti bugungi kunda?

Nazarimda, har bir insonga o‘zini yaxshi ko‘rish yetishmayapti. Masalan, bugun dunyoda avj olgan terrorizm, giyohvandlik, SPID kabi illatlardan har bir odam o‘zini asrashi kerak. Ularga bepisandlik bilan qarash esa o‘zini, yaqinlarini yaxshi ko‘rmaslikdan deb bilaman.

Qiziqarli suxbatingiz uchun rahmat. Ijodingizning bundan-da gullab-yashnashi, bir necha kundan so‘ng bo‘lib o‘tadigan konsert dasturining muvaffaqiyatli kechishini tilaymiz.

"Oltin mikrofon" ko‘rsatuvidan.

Mustaqillik bayramidan

Kontsertga tayyorgarlik jarayonidan

Top