21:07 / 29.10.2015
2534

Nemtsov o‘limidan keyin demokratiyaga sodiqligi uchun mukofot bilan taqdirlandi

Moskvada o‘ldirib ketilgan rossiyalik siyosatchi Boris Nemtsov o‘limidan keyin 2004 yilda yevropalik liberal arboblar tomonidan ta'sis etilgan Jan Rey xalqaro mukofot bilan mukofotlandi. Bu haqda “Interfaks” axborot agentligi xabar bermoqda.

Yevroparlamentdagi liberallar yetakchisi Gi Verxofstadtning aytishicha, siyosatchi “boshqacha Rossiya uchun kurashishga hayotini bag‘ishlagani” uchun mukofotlandi.

“Nemtsov qo‘shnilari bilan tinchlikda yashaydigan, demokratiya bilan boshqariladigan, inson huquqlari va huquq ustuvorligi hurmat qilinadigan Rossiya uchun kurashgan”, deb aytdi Verxofstadt.

Jan Rey mukofoti qo‘mitasi raisi, Yevroparlamentning belgiyalik deputati Lui Mishel mukofot Nemtsovga “siyosiy jasurligi hamda demokratiya va fuqarolik erkinliklariga og‘ishmaydigan sodiqligi” uchun berildi.

“Demokratiya o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, uni Nemtsov kabi odamlar qozonadilar”, deb aytdi Mishel.

Mukofotning 10 ming yevrolik pullik qismi Boris Nemtsovning qizi tomonidan tashkil etilgan Boris Nemtsov jamg‘armasiga o‘tkaziladi.

Jan Rey (1902–1983) belgiyalik liberal siyosatchi, antifashist bo‘lib, Ikkinchi jahon urushi paytida konslagerlardan o‘tgan, 1967-1970 yillar davomida Yevropa komissiyasiga rahbarlik qilgan.

Top