07:44 / 29.10.2015
2421

Platini o‘zini FIFA prezidentligi uchun asosiy nomzod deb bilmoqda

UYeFA prezidenti Mishel Platini FIFA rahbarligiga topshirgan arizasi borasida va saylovda g‘alaba qozonishiga ishonayotgani haqida gapirib o‘tdi. 

U Shveytsariyadagi Le Matin nashriga bergan intervyusida o‘zini nomzodlar orasida eng ko‘p imkoniyatga ega nomzod sifatida hisoblayotganini bildirgan.

"Menda FIFA prezident bo‘lish uchun yaxshigina imkoniyat bor. Faqat mengina futbolni keng miqyosda tushuna olaman.

Men futbolchi bo‘lganman, Fransiya termasini boshqarganman, JCh tashkilotchisi bo‘lganman. Endi esa eng ta'siri kuchli tashkilotni boshqaryapman.

Nazarimda, hammadan ko‘ra, FIFA prezidentligiga men loyiqman", - deydi u.

Eslatib o‘tamiz, Shveytsariya prokuraturasi Platinining 2011 yilda FIFAdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri 2 mln frank olgani bo‘yicha ish ochgan va uni 90 kunga futbol faoliyatidan chetlatgan.

Amaldor bu pullar unga 1999 yildan 2002 yilgacha FIFAdagi ish davri uchun maosh sifatida to‘langanini ma'lum qilgan.

27 oktabr kuni FIFA prezidentlik saylovi uchun nomzodlarni ro‘yxatga olishni to‘xtatdi.

Endilikda UYeFA prezidenti Mishel Platini, UYeFA bosh kotibi Janni Infantino, FIFA Ijroqo‘mi sobiq a'zosi Jyerom Shampan, Iordaniya shahzodasi Ali bin Al-Hussayn, OFK rahbari, bahraynlik shayx Salmon ibn Ibrohim, Liberiya futbol uyushmasi rahbari Musa Biliti hamda Janubiy afrikalik multimillioner Mosima Gabriel Sevale FIFA prezidentligi uchun rasman nomzod hisoblanishadi.

Top