18:05 / 29.10.2015
3669

Xitoy va Germaniya Suriya mojarosini siyosiy yo‘l bilan hal qilishga chaqirdi

Xitoy bosh vaziri Li Ketsyan va Germaniya kansleri Angela Merkel bugun, 29 oktabr kuni Suriyadagi mojarolarni muhokama qilishdi, deya xabar beradi Reuters.

Xitoy bir necha marotaba mazkur masalani kuch ishlatmasdan hal qilish zarurligini ta'kidlab kelgan. Li Ketsyan bu borada siyosiy aralashuv imkon qadar tez bo‘lishi kerakligini ta'kidladi.

«Eng muhimi barcha uchun qulay vaqtni tanlab teng huquqli ochiq siyosiy suhbat olib borish kerak», — deydi bosh vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab siyosiy yetakchilar mazkur inqirozdan chiqib ketish uchun o‘z talqinlarini bildirishmoqda.

«Biz vaziyatdan chiqib ketish uchun BMT yordamida umumiy qarorga kelinishiga umid qilamiz», —dedi Li va Xitoy «konstruktiv rol»da qolishini qo‘shimcha qilib o‘tdi.

Manbada yozilishicha, Angela Merkel Li Ketsyanning fikrini ma'qullagan.

«Mamlakatlar bu borada aqlli qaror chiqarishlari zarur. Hozircha eng kamida tomonlarning muzokaralari bo‘yicha ba'zi natijalar bor», — deya ta'kidlagan Merkel.

Top