12:32 / 30.10.2015
3440

Euronews telekanalining yangi mavsumida Buxoro va Termiz haqida videoreportajlar uzatiladi

Euronews telekanali saytida O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish maqsadida o‘zaro hamkorlik doirasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar joylashtirildi. Bu haqda «O’zbekturizm» MK matbuot xizmati xabar bergan.

20 oktabr kuni Euronews telekanalida "Uzbekistan Life" axborot dasturi doirasida Buyuk ipak yo‘li merosi va qadimiy Samarqand shahri haqidagi videoreportaj efirga uzatilishi boshlangandi.

Ma'lum qilinishicha, "Uzbekistan Life" ko‘rsatuvining yangi mavsumi uchun Samarqanddan tashqari Buxoro va Termiz tarixiy shaharlari haqida ko‘rsatuvlar tayyorlangan.

Ushbu ko‘rsatuvlar dunyoning 155 mamlakatidagi 370 milliondan ortiq auditoriyaga ega telekanal orqali 13 tilda efirga uzatiladi.

Telekanal tomoshabinlari ko‘rsatuvning Buxoro shahri haqidagi sonida Buyuk Ipak yo‘lida bo‘lgan bu qadimiy shaharning o‘ziga xos an'analari, turli madaniy yodgorliklar, oltin buyumlar, shoyidan tayyorlangan mahsulotlar va mashhur gilamlar haqida bilib olishlari mumkin bo‘ladi.

Termiz haqidagi reportajda esa 2500 yildan ortiq tarixga ega shahar haqida ma'lumotlar, buddizm madaniyatiga mansub yodgorliklar va ibodatxonalar ko‘rsatiladi.

Shuningdek, telekanal saytida ham bu videoreportajlar joylashtiriladi.

Top