12:09 / 30.10.2015
4099

Ikkinchi Jahon urushi mobaynida nemis asirligida bo‘lgan harbiy asirlarga 2500 yevro miqdorida yordam puli beriladi

2015 yil 21 may kuni Germaniya Bundestagi sobiq sovet harbiy asirlariga ularga ko‘rsatilgan adolatsizlikni tan olish sifatida ramziy yordam puli berish haqida qaror qabul qildi, deb xabar qiladi Germaniya Toshkentdagi elchixonasining Madaniyat va matbuot bo‘limi.

Unga ko‘ra, 1941 yil 22 iyundan 1945 yil 8 maygacha davom etgan Ikkinchi Jahon urushi mobaynida nemis asirligida bo‘lgan sovet harbiylari 2500 yevro miqdorida bir martalik yordam puli olishi mumkin.

Qarorda qayd etilishicha, mazkur yordam puliga nisbatan huquqiy da'volar qabul qilinmaydi, yordam puli olish huquqi uchinchi shaxslarga o‘tkazilmaydi va meros qilib ham qoldirilmaydi. Pulni olish uchun faqat jabrlanuvchining o‘zi yoki rasmiy vakili ariza berishi mumkin.

Yordam pulini olish haqidagi batafsil ma'lumot alohida hujjatda bayon qilinadi. Uni olish uchun ariza erkin yozilishi va hozirdanoq Germaniyaning Markaziy xizmatlar va hal qilinmagan mol-mulk masalalari bo‘yicha federal qo‘mitasiga quyidagi pochta manziliga yuborilishi mumkin:

Bundesamt für zentrale Dienste und offene Vermögensfragen

DGZ Ring 12

13086 Berlin

Arizaga quyidagilar talablar qo‘yiladi:

- arizachi sobiq sovet harbiy asirlariga ko‘rsatilgan adolatsizlikni tan olish sifatida beriladigan yordam pulini olish uchun ariza topshirayotganini yozma ravishda bayon qilishi;
- yashash manzilini to‘liq va aniq, ism-familiya va otasining ismi bilan birga tug‘ilgan sanasini ham ko‘rsatishi lozim.

Ushbu ma'lumotlar arizachiga rasmiy blankani jo‘natishi uchun yetarlidir. Chunki o‘shalar asosida undan qo‘shimcha ma'lumot va hujjatlar talab qilinadi.

Erkin ravishda yozilgan arizada qo‘shimcha ma'lumotlarni qayd etmaslik uchun ariza blankasini har qanday holatda to‘ldirish lozim bo‘ladi, deyiladi elchixona xabarida.

Top