18:06 / 30.10.2015
3569

NASA komissiyasi Antares raketasi sovet dvigatellari tufayli portlab ketganini aniqladi

NASA’ning mustaqil komissiyasi 2014 yilning 28 oktabrida AQShning Virginiya shtatidagi Vallops kosmodromidan Cygnus kosmik kemasi va 2 tonna yuk bilan Xalqaro koinot stansiyasiga uchish paytida portlab ketgan Antares raketasining halokat sabablarini tadqiq qildi va falokat sodir bo‘lgandan bir yil o‘tib o‘z xulosalarini chop etdi.

O‘shanda Orbital Sciences Corporation kompaniyasi mutaxassislari Rossiyadan 1990-yillarda sotib olingan AJ-26 dvigatellari falokatga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligiga ishora qilishgan edi. AJ-26 dvigateli Sobiq ittifoqning oy dasturi uchun yaratilgan NK-33 dvigatelining takomillashgan varianti bo‘lib, Rossiya tomonidan AQShga sotib yuborilgan. Hisobotda falokatga bevosita AJ-26 dvigatelining Ye15 suyuq kislorodi turbonasosidagi portlash sabab bo‘lgan deyilmoqda.

“Portlash dvigatelning tortish kuchining tushishiga olib kelgan va raketa yerga qulagan, buning oqibatida raketa va yuk butunlay barbod bo‘lgan”, deb aytmoqdalar mutaxassislar.

Komissiya nosozlikning uchta sababini keltirib o‘tdi, ulardan har birining alohida yoki birgalikda sodir bo‘lishi dvigatelning portlashiga olib kelgan bo‘lishi mumkin. Sabablar orasida turbonasosga yot jismlarning tushishi va dvigatelning yasalishida zavodda yo‘l qo‘yilgan nosozliklar kabi sabablar keltirilgan. Komissiya Orbital kompaniyasiga tavsiyalar berdi. Antares raketalarining uchirilishi 2016 yilda yana boshlanishi rejalashtirilgan.

Top