15:45 / 30.10.2015
7663

OAV: Nega bir xil dori ikki narxda?

Hozir bemor yoki xaridor biron dorini xarid qilmoqchi bo‘lsa, aksariyat hollarda avval uning narxini boshqa dorixonalar bilan solishtirib ko‘radi. Ayniqsa, qo‘lida uzundan-uzun retsept bo‘lsa, atrofdagi hamma dorixonaga bir-bir kirib chiqadiganlar ko‘p. Lekin ba'zan qiziq vaziyatni kuzatish mumkin: bitta dori turli dorixonalarda turlicha narxlarda sotiladi... Bu holatga nima sabab bo‘lganiga “Oila davrasida” muxbiri qiziqib ko‘rdi.

“Yaqinda farzandimga immunitetni oshiradigan bir dorini olish uchun dorixonaga chiqdim. Bir-ikkitasiga kirib so‘rasam, bahosi turlicha: 29 600 so‘mdan 34 700 so‘mgacha. Hayron qoldim. Narxi eng baland dorixonadagi sotuvchiga e'tiroz bildirsam: “Aka, biz buni boshqa firmadan olganmiz”, dedi. Ochig‘i, men uchun dorining qaysi firmadan qay tarzda keltirilgani qiziq emas. Albatta, iste'molchi sifatida menda savol tug‘ilishi tabiiy-ku: nega yonma-yon joylashgan dorixonalarda bir turdagi dorining bahosi keskin farq qiladi? Shu sababli, uning qiymati nimaga asoslanib shakllanishini yaqindan bilgim keldi”, - deb ta'kidlaydi muallif.

Dori vositalari va tibbiy buyumlarga narx belgilash tartibi mavjud. Mamlakatda ichki bozorni dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan to‘ldirish, narxlarning asossiz ravishda o‘sib ketishi hollariga barham berish, aholini ijtimoiy himoya qilishni ta'minlash, dori vositalari, tibbiy buyumlarni sotishni tartibga solish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 14 yanvardagi “Dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari sotishni tartibga solish to‘g‘risida”gi 19-sonli hamda 2000 yil 5 avgustdagi “Ichki bozorni dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta'minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 307-sonli qarorlari qabul qilingan.

Ushbu me'yoriy hujjatlar dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari narxlarining asossiz ravishda o‘sib ketishining oldini olishga qaratilgan. Ularga ko‘ra, mahsulotlarga (qat'iy narx o‘rnatilmagan) ustama foizlar belgilangan.
Jumladan, import bo‘yicha keltiriladigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari, tovar yetkazib berishda qatnashuvchi vositachilarning sonidan qat'i nazar, sotib olish qiymatining (bazaviy narxining) 20 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda ulgurji-chakana savdo ustamasi qo‘llangan holda sotiladi.

Mahalliy dori vositalari bo‘yicha esa dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari yetkazib berishda qatnashuvchi vositachilar sonidan qat'i nazar, ulgurji savdo uchun 20 foizdan ortiq bo‘lmagan, chakana savdo uchun 25 foizdan oshmagan miqdordagi cheklangan savdo ustamalari qo‘llanilgan holda shartnomaviy narxlar bo‘yicha ulgurji va chakana savdo tarmog‘i orqali sotilishi belgilangan.
Jurnalistning ta'kidlashicha, bugun mamlakatda farmatsevtika sanoati bundan yigirma yillar avvalgi holatidan butunlay farq qiladi. Hozir shifokor tavsiya etgan dori birida bo‘lmasa, ikkinchi dorixonadan albatta topiladi.

Dorixona ma'lumotlar tarmog‘iga qo‘ng‘iroq qilsangiz, zarur dorini qaysi dorixonadan topish mumkinligini ham aytishadi hatto.
“Shunday ekan, bozor iqtisodiyoti sharoitida farmatsevt-mutaxassislar buni inobatga olishi zarur. Zero, dorixona xizmati ezgu va savobli ish. U halollikni, insofni, insoniylikni talab qiladi. Bunga amal qilgan kishi esa o‘z mehnatining barakasini topadi, savobini ko‘radi”, - deb xulosa qiladi u.

Top