10:20 / 31.10.2015
2918

Ruminiya IIV: Buxarestdagi tungi klubdagi yong‘inda 27 kishi halok bo‘ldi, 180 ga yaqin kishi jabrlandi

Ruminiya poytaxti Buxarest markazidagi mashhur tungi klublardan birida 31 oktabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan yong‘inda 27 kishi halok bo‘ldi, 180 ga yaqin kishi jabrlandi. Bu haqda Ruminiya bosh vaziri o‘rinbosari, ichki ishlar vaziri Gabriyel Oprya ma'lum qildi.

30 oktabrda binoning yerto‘lasida joylashgan tungi klubda bepul rok-konsert o‘tayotgan bo‘lgan. Kontsertga 400 ga yaqin yoshlar yig‘ilgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, pirotexnik shou vaqtida shiftdagi penoplastdan yasalgan bezak elementlari yonib ketgan. Oqibatda kuchli tutunlanganlik boshlangan, so‘ngra portlash yuz bergan. Guvohlarning aytishicha, ko‘pchilik sarosimada yagona chiqishga otilganlar va u yerda tiqilinch yuz bergan. Ma'lum qilinishicha, ko‘pchilik nafas siqishdan halok bo‘lgan. Ruminiya OAVlarining ma'lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida xorijliklar ham bo‘lgan.

Voqea joyiga 60 ta tez tibbiy yordam va o‘t o‘chirish brigadalari yetib kelgan, mobil gospital o‘rnatilgan. Jabrlanganlar shahardagi 10 ta shifoxonaga olib borilgan. Ruminiya Sog‘liqni saqlash vaziri Nikolaye Benichoyu poytaxt aholisini jabrlanganlar uchun qon topshirishga chaqirdi. 25 kishining ahvoli juda og‘ir deb baholanmoqda, ko‘pchilik jiddiy kuyishlar olgan. Fojia qurbonlari soni oshishi mumkinligi aytilmoqda.

Ruminiya prezidenti Klaus Yoxannis halok bo‘lganlar oilalariga hamdardlik bildirdi. “Men fojiadan karaxt holdaman va juda qayg‘udaman. Bu hammamiz, xalqimiz va shaxsan men uchun juda og‘ir musibatdir”, deb aytdi prezident feysbukdagi sahifasida.

IIV rahbari Oprya fojia sabablari tergov qilina boshlanganini ma'lum qildi. Ushbu fojia munosabati bilan 31 oktabrda mahalliy vaqt bilan soat 07:00da (Toshkent vaqti bilan 11:00da) Ruminiya Vazirlar mahkamasining shoshilinch yig‘ilishi bo‘lib o‘tishi belgilangan.

Top