10:47 / 01.11.2015
4144

FIA prezidenti: Mixael Shumaxer kurashishda davom etmoqda

“Formula 1” bo‘yicha yetti karra jahon chempioni germaniyalik avtopoygachi Mixael Shumaxer hayoti va sog‘lig‘i uchun kurashishda davom etmoqda. Bu haqda Meksikada bo‘lib o‘tgan Gran-pri vaqtida Xalqaro avtosport federatsiyasi rahbari Jan Todt ma'lum qilmoqda, deb xabar beradi "Avtosport" nashri.
2013 yilning dekabr oyida Fransiyaning Merilbele tog‘li kurortida Shumaxer chang‘i uchayotgan vaqtida jiddiy jarohat olgan edi. Poygachi ko‘p qon yo‘qotish va miyaning yarim shariga zarar yetkazilgan bosh suyak-miya jarohati bilan shifoxonaga yetkazilgandi. 2014 yilning sentabr oiyda u o‘zining Shveytsariyadagi villasiga yotqizilgan, o‘sha yerda sog‘lig‘i biroz jonlangandi. Ammo shundan beri uning salomatligi borasidagi yangiliklar kamnamo bo‘lib qolgandi.
"Mixael – mening eng yaqin do‘stim. Uning oilasi men uchun juda qadrli, - dedi Todt. – Men uni ko‘rgani tez-tez borib turaman. U salomatligi uchun qattiq kurashmoqda va biz ham uning oilasi bilan birga Mixaelning sog‘lig‘i uchun kurashishda davom etishimiz shart”.

Eslatib o‘tamiz, Mixael Shumaxer Jan Todt qo‘li ostida Ferarri jamoasida ketma-ket besh karra jahon chempioni bo‘lgan.

Top