14:19 / 01.11.2015
3447

G‘allaoroldagi maktab direktorlaridan biri 25 mln so‘m pul o‘zlashtirganlikda ayblanib sud qilindi

2011-2015 yillar mobaynida Jizzax viloyatining G‘allaorol tumani xalq ta'limi muassasalari faoliyatini metodik ta'minlash va tashkil etish bo‘limiga qarashli maktablardan birida direktor vazifasida ishlab kelgan Ro‘zi Jumanov 24.85 mln so‘m pulni o‘zlashtirishda ayblanib sud qilindi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.

Aytilishicha, u asosan qarindoshlarining nomiga maosh rasmiylashtirish yo‘li bilan bu pullarni o‘ziniki qilib olgan. Jumladan, maktabda ishlamagan ukasi nomiga buyruq chiqartirib, unga 320 ming oylik maosh tayinlagan. Kelinini farrosh sifatida ishga rasmiylashtirib, 449 ming so‘m oylik belgilagan. Hatto Rossiyada ishlab yurgan qarindoshi F. Xidirov nomiga 2.785 mln so‘m oylik yozgan.

Mana shunday buyruqlar asosida u 15.422 mln so‘m pulni o‘zlashtirgan.

Bundan tashqari, tekshiruv davomida Ro‘zi Jumanov o‘ziga va soxta ishchilarga rag‘bat pullari yozib, 5 mln so‘m pulni o‘zlashtirgani aniqlangan.

Top