11:53 / 01.11.2015
10544

Samarqandliklar shaharda gaz bosimi ko‘tarilishini Kerrining tashrifi bilan bog‘lashmoqda

Bloger Toshpo‘lat Rahmatullayev Samarqand shahrining ba'zi hududlarida aholiga beriladigan gaz bosimi keyingi kunlarda ancha ko‘tarilganini qayd etib, bu haqda o‘z blogida yozdi.

"Keyingi 2 kunda samarqanliklarning uylarida gaz bosimi birdan ko‘tarilib ketdi, ba'zilarnikida esa ancha vaqtdan beri ilk marta gaz yondi. Bu o‘zgarishlarga AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining shu shaharga tashrif buyurishi sabab sifatida ko‘rilmoqda", deb yozadi u.

"Balki bu tasodifdir, lekin fakt shuki 29 oktabrdan uylarimiza gaz bosimi keskin ko‘tarildi. Tanishlardan so‘radim, Samarqandning aksar qismida (viloyat shifoxonasi atrofidagi mahallalar, pivo zavodi atrofi, Gagarin ko‘chasmYu Samarqand tumani va boshqa hududlar) gaz baland yonmoqda. Lekin ba'zi chekka hududlarda, masalan So‘zangaron mahallasida gazning "hidiniyam sezishmagan".

Aholi bu o‘zgarishlarni shaharga AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining kelishi bilan bog‘lamoqda. Bu haqda hatto shunday hazillar yuribdiki, kulishni ham, yig‘lashni ham bilmaysan kishi. "Kerri Samarqandda iloji boricha uzoq vaqt qolsin", deyishmoqda ular. Bundan bilish mumkinki, gaz va svetning yo‘qligi ularning joniga tekkan.

Men O‘zbekistondagi saytlardan birining buyurtmasiga ko‘ra, Samarqand aholisining gaz bilan ta'minlanish masalasi bo‘yicha jurnalistik tekshiruv o‘tkazmoqdaman. Janob Kerri kelib ketganidan keyin bu tekshiruvni yakunlab, saytga nashr qilish uchun beraman. Ko‘ramiz, ahvol qanday tus olarkan?

Darvoqe, Samarqand viloyatida 31 oktabr kunigacha obodonlashtirish ishlari olib borildi.

Bilishimcha, hali kun qorong‘uligida, soat ertalabki 5dayoq, Obodonlashtirish departamenti ishchilari avtomobillar chiroqlari yorug‘ida ko‘chalarga gul o‘tqazishgan.

Bunday keng ko‘lamli ishlar faqat shahar bo‘ylab emas, atrofdagi tumanlarda ham, xususan Imom al-Buxoriy majmuasiga olib boruvchi yo‘llarda olib borilgan.

Bu kunlarda Oqdaryo tumanidan Payariq tumaniga ketishdagi yo‘lda hali tong bo‘zarib turgan vaqtda yuzlab odamlar yo‘l yoqalarida kuymalanayotganlarini ko‘rish mumkin edi. Ular kuz vaqtida ko‘chatlar va gullar o‘tqazishar, shuningdek, xazon yig‘ish bilan mashg‘ul bo‘lishar edi. Axir kuzda bu ishlarni qilishdan ma'ni yo‘q", deb yozadi bloger.

"Shunday qilib, xorijlik mehmon tufayli biz bir necha kun davomida issiq va yorug‘ uylarda yashaymiz, ko‘chalar va xiyobonlarimiz esa yashnab turadi", deb o‘z so‘zini yakunlaydi u.

Bundan oldinroq, ushbu bloger Samarqanddagi xonadonlarga tabiiy gaz uzatilmayotgani haqida yozib chiqqandi.

Shuningdek, "Zarafshon" gazetasida nomigagina berilayotgan gaz bosimiga na suv qaynashi, na ovqat pishishi haqidagi shikoyatlar bayon etilgan maqola nashr etilgan.

Top