22:21 / 01.11.2015
15834

Tojikistonlik muhojir moskvalik qizda insoniylikka bo‘lgan ishonchni orttirdi

Moskva shahrida ishlaydigan tojikistonlik yigit Shafe'zoda moskvalik ayolga hamyoni yo‘qolgani haqida xabar qilishning o‘ziga xos yo‘lini o‘ylab topdi.

“Moy rayon” nashri yozishicha, Facebook yangiliklar lentasida Alena Kuratova tomonidan qoldirilgan post eng ko‘p qiziqishlarga sabab bo‘lgan postlardan biriga aylandi.

U o‘z hamyonini yo‘qotgani, lekin buni anglab yetishidan oldin uni topib olgan yigit tomonidan shu haqda xabar berilgani haqida yozgan.

"Menga qo‘ng‘iroq qilishganida buni “aldash usuli” deb o‘yladim, ya'ni telefon qilsang, sendan qo‘ng‘iroq uchun ming rubl yechib olinadi. Boshqa kartaga ikkinchi SMS kelganida esa o‘ylay boshladim: mening kartalarim nomerini qayerdan oldi ekan? To‘rt soat o‘tgach, hamyonimni izlashga tushganimda, bu uni topib olgan kishidan kelayotgan SMS ekanligini angladim. Shafe'zoda ismli yigit, senga rahmat! Sen yo‘qolgan hamyonimni ichidagi barcha kartalari bilan uyimga olib kelding va menda insoniylikka bo‘lgan ishonchni kuchaytirding!", deya yozadi feysbukda Alena.

Ma'lum bo‘lishicha, pok ko‘ngilli Shafe'zoda onlayn-bank orqali hamyonning egasi bilan bog‘lanish usulini topgan.

“To‘g‘risini aytsam, bunday qilish umuman xayolimga kelmasdi” – dedi Alena.

Ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan ushbu ma'lumot omma orasida keng tarqaldi, unga turli munosabatlar bildirildi.

Birinchi bo‘lib Aleksandr Bunin yozadi: “Rojdestvoga oz qoldi, biroq ezgulik allaqachon boshlandi. Kelinglar, yigitning telefoniga pul o‘tkazamiz. 50-100 rubldan bo‘lsa ham”.

Feysbukda bir kun davomida Alenaning tarixi bayon etilgan post ming martadan ortiq qayta yuborilgan.

“Moy rayon” hamyonni egasiga qaytarish uchun butun Moskva bo‘ylab masofa bosib o‘tgan yigit bilan telefon orqali bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi.

“U haqiqiy. Bu yolg‘on hodisa va ba'zilar o‘ylaganidek “Sberbank”ning reklamasi emas. Uning ismi Zabihullo Shafe'zoda. U Tojikistonning Panjikent nomli shaharchasidagi Margedar qishlog‘ida tug‘ilgan. Yoshi 25da, 2008 yildan beri Moskvada istiqomat qilmoqda. Haydovchi bo‘lib ishlaydi. Shaharni biladi va yaxshi ko‘radi”, - deyiladi "Moy rayon" xabarida.

"Men hamyon egasi yo‘qotilgan hujjatlar va kartochkalarni yarim yil davomida tiklashini darhol angladim. Men yana muhojirlar to‘g‘risida salbiy fikrga ega bo‘lishlarini istamadim. Tashrifnomalar yo‘q edi. Men onlayn-bankka qo‘ng‘iroq qilib, manzilni bilmoqchi bo‘ldim, aytishmadi. Men unga pul o‘tkazib, o‘z nomerimni aytmoqchi bo‘ldim. Shunday qilsam, u javob beradi deb o‘yladim. Birinchi safardan keyin javob bo‘lmadi. Men ikkinchi kartaga pul o‘tkazdim. Ana shundan keyin qalloblar turli raqamlarni qayerdan bilib olganliklari haqida Alena o‘ylanib qoldi. Menga qo‘ng‘iroq qildi", - deya hikoya qildi Zabihullo Shafe'zoda.

“Minnatdorchilik pul ko‘rinishida yuborilmoqda”

Yigitning so‘zlariga qaraganda, hamyon egasi istalgan joyga yetib borishini bildirgan, biroq voqea kechki payt sodir bo‘lgani uchun Shafe'zoda qizning manzilini so‘radi. Hamyon egasi manzilni aytdi. Ko‘rishdilar. Hamyon yigit tomonidan bus-butun holatda qaytarildi. Alena yigitga o‘z minnatdorchiligini bildirish qatorida "suyunchi" bergan. Zabihullo esa “minnatdorchilik” sifatida berilgan summani oshkor qilmadi.

Ezgu ish yuz marotaba bo‘lib qaytdi. Yigitga birinchi bo‘lib konsul o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Birinchi pul o‘tkazmasini ham aynan u amalga oshirdi.

Konsuldan keyin feysbuk foydalanuvchilari minnatdorchilikka qo‘shib, katta bo‘lmagan miqdorda pul o‘tkazishmoqda.

Zabihulloga “Yaxshilik qil va suvga ot! Yuztalikni ol!” - ko‘rinishidagi xabarlar yuborilmoqda.

Bunday pul o‘tkazmalari qancha miqdorda kelganini Zabihullo hisoblab ko‘rmagan. O‘zi uchun foydaliroq narsa sotib olishi ham mumkin. Biroq yigitcha boshqacha yo‘l tutishga qaror qildi.

"Men Alena bilan ko‘rishib, bu pullarni qayerga yuborish haqida muhokama qilib olmoqchiman. O‘ylashimcha, bu internat yoki bolalar uyi bo‘ladi, - deydi Zabihullo.

Ma'lum qilinishicha, yigitning ota-onasi o‘z yurtlarida qolishgan. Farzandlarining bunday ezgu ishi haqida ayni vaqtda bexabar. Biroq yigit bu haqida eshitishlari va fahrlanishlariga ishonadi. Bunday o‘ylashga asos ham bor, yigitning so‘zlariga qaraganda Birinchi kanal uni o‘z ko‘rsatuvlaridan biriga taklif etgan.

Top