16:23 / 02.11.2015
4099

Gavayilik 10 yoshli bola akula hamlasidan omon qoldi

Gavayi orollari hududida yashovchi 10 yashar Reymond Senensi yirtqich akulaning hujumidan qutulib qolib, qirg‘oqqa chiqib olishga muvaffaq bo‘lgan. Bu haqda Metro nashri xabar tarqatdi.

Manbaning yozishicha, bolakay bodibording (chang‘isifat doska orqali suvdagi to‘lqinlarda harakat qilish — «Kun» izohi) bilan shug‘ullanayotgan paytda unga akula hujum qilgan. Shunda o‘n yoshli o‘spirin yirtqichning burniga oyog‘i bilan zarba bergan va undan qochishga muvaffaq bo‘lgan. Voqea Gavayidgi Oaxu orolidagi Makaxa Bich sohilida sodir bo‘lgan.

Senensining so‘zlariga ko‘ra, akula uning oyog‘idan tishlab olgan. Shunda u tahlikaga tushmasdan ikkinchi oyog‘i bilan uning yuz qismiga zarba bera boshlagan. Burnidan zarb qabul qilib olgan akula uning oyoqlarini qo‘yib yuborgan.

Hujum vaqtida yaqin o‘rtada bo‘lgan yana bir bodibordyor Mayk Uord jabrlanuvchining sohilga chiqib olish uchun yordamlashgan, shundan so‘ng bola Reymond shifoxonaga yetkazilgan.

Senensi voqea natijasida oyog‘idan uchta chuqur jarohat olgan. Hozirda uning tiklanish jarayoni ketmoqda.

2015 yildan buyon Gavayi orollari hududida yettinchi marta akulaning odamga hamla qilish holati qayd qilinmoqda. Hukumat mazkur holatni suvda dam oluvchilarning ko‘payishi akulalarning ko‘payishiga sabab bo‘layotgani bilan izohlagan.

ISAF (International Shark Attack File) tashkilotining ma'lum qilishicha, agar akula hujum qilganida uning burni, ko‘zi yoki jabrasiga zarba berilsa, baliq bir necha daqiqa o‘zining mo‘ljalidan adashib hujumni to‘xtatadi. Shu vaziyatdan foydalanib jabrlanuvchi suvdan chiqib olishi talab etiladi.

Top