18:14 / 02.11.2015
5109

O‘zbekiston dunyoning ravnaq topayotgan davlatlari reytingida 57-o‘rinni saqlab qoldi

O‘zbekiston Legatum Institute tomonidan tuzib boriladigan dunyoning farovon davlatlari reytingida 57-o‘rinni saqlab qoldi.

Indeks 8 kategoriyaga birlashtirilgan 79 ko‘rsatkichdan tuziladi. Ularga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyot kategoriyasi bo‘yicha 66-o‘rinni (2014 yilgi natija – 61-o‘rin), ijtimoiy kapital yo‘nalishida esa 17-o‘rinni (o‘tgan yilgi ko‘rsatkich – 16-o‘rin) egalladi. Boshqa yo‘nalishlardagi ko‘rsatkichlar: tadbirkorlik – 93 (92), ta'lim – 70 (69), xavfsizlik – 67 (65), shaxsiy erkinliklar – 55 (57), davlat boshqaruvi – 117 (117).

Reytingda O‘zbekiston Rossiyadan (58), Belarusdan (63), Qirg‘izistondan (66), Ukrainadan (70), Turkiyadan (78), Hindistondan (99), Erondan (106) o‘zib, Qozog‘istondan (55) ortda qolgan.

Farovonlik indeksiga 142 davlat kiritilgan bo‘lib, u jahon YaIMining 99 foizini, dunyo aholisining 96 foizini qamrab oladi. Unda Norvegiya birinchi o‘rinni egalladi. Kuchli uchlikka, shuningdek, Shveytsariya va Daniya kirdi.

O‘nlikni Yangi Zelandiya, Shvetsiya, Kanada, Avstraliya, Niderlandiya, Finlyandiya va Irlandiya tashkil qildi. AQSh 11-o‘ringa munosib ko‘rildi.

Top