18:36 / 03.11.2015
8921

A321 yo‘lovchilari bo‘yicha sud tibbiyoti ekspertizasi natijalari e'lon qilindi

Misrda halokatga uchragan Rossiyaga tegishli A321 avialaynerining yo‘lovchilari tanalari sud tibbiy ekspertizasidan o‘tkazilib, uning natijalari Rossiya matbuotida e'lon qilindi.

Xulosaga ko‘ra, yo‘lovchilarning barchasi turli xildagi jarohatlar oqibatida hayotdan ko‘z yumgan.

Peterburglik tibbiy ekspertlar halok bo‘lganlarni ikki guruhga bo‘lishdi. Birinchi guruhga tanalari samolyot halokati yeriga yaqin joydan topilganlar kiritildi. Ular qon yo‘qotishdan, shokdan, ochiq bosh suyagi va miya jarohatlari hamda ko‘plab sinishlar oqibatida hayotdan ko‘z yumishgan.

Ikkinchi guruhdagilar esa laynerning dum qismida o‘tirganlar bo‘lib, “portlovchi” jarohatlardan halok bo‘lishgan. Ularning aksariyati 90 foizga kuyib ketgani aniqlandi. Yonib ketgan tana qismlari portlovchi moddalarga tekshiriladi. Ammo ekspertlar hozircha bu guruhdagi kishilarning tanasida samolyot qoplamasidan ajralib chiqqan metall parchalari borligini aniqlashdi.
Bu borada hozircha boshqa axborot yo‘q.
Ayni paytda, TASSning xabar berishicha, ekspertlar aerobusning bort jurnallarini tahlil qilishga kirishishdi. To‘rtta “qora quti” Qohirada o‘rganilmoqda.

Top