08:08 / 03.11.2015
3281

FT: Xitoy fond bozorining qulashi Gonkongga 8 mlrd dollardan ko‘proq ziyon keltirdi

Gonkong valyuta zahiralari miqdori 1,9 foizga yoki 8,2 mlrd dollarga (63,8 mlrd Gonkong dollari) kamayib, o‘zining 30 yillik tarixida eng katta ziyonni qayd qildi. Bu haqda Gonkong pul muomalasi boshqarmasi rahbari Norman Changa iqtibos keltirgan holda Financial Times nashri xabar berdi. Bu zarar AQShning eng yirik banklaridan biri Lehman Brothers bankrotga uchraganda 2008 yilda kuzatilgan jahon moliyaviy inqirozi paytidagidan ham ko‘proqni tashkil qildi. Gonkong o‘shanda 41,1 mlrd Gonkong dollari miqdorida ziyon ko‘rgan edi.

Bunda ziyonlarning asosiy qismi Gonkong fond birjasida sotiluvchi aksiya narxlarining pasayishiga to‘g‘ri keldi. Savdo maydoni kapitalizatsiyasining kamayishi Gonkongga 30,7 mlrd Gonkong dollari, Gonkong zaxira jamg‘armasi investitsiya kiritgan xorijiy aktivlar narxining pasayishi yana 34,1 mlrd Gonkong dollari miqdorida ziyon keltirdi.

“Global moliyaviy bozorlar dastlabki uch chorak davomida juda beqaror bo‘ldi. Biz kuchli dollar tufayli xorijiy valyutada ziyon ko‘rdik, shu bilan birga Gonkong bozoridagi aksiyalar keskin pasayishga monand javob bermoqda”, deb aytdi Norman Chan.

Bloomberg agentligining ma'lum qilishicha, kapitalning qaytib ketishini kamaytirish va Xitoy fond bozorida “ko‘pikning shishishi” oqibatlarini bartaraf etish maqsadida Xitoy hukumati qimmatbaho qog‘ozlar bozorini erkinlashtirishga qaror qildi.

Top