18:26 / 03.11.2015
4788

Legatum institutining farovonlik reytingida O‘zbekiston MDHning Qozog‘istondan boshqa barcha davlatlardan o‘zib ketdi

2 noyabr kuni The Legatum Institute tahliliy markazi 142 mamlakatning farovonlik ko‘rsatkichlariga asoslangan yillik indeksini yangiladi. Unda 57-o‘rinni egallagan O‘zbekiston MDH davlatlari ichida faqat Qozog‘istondan ortda qoldi.

Indeks 8 kategoriyaga birlashtirilgan 79 ko‘rsatkichdan tuziladi. Ularga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyot kategoriyasi bo‘yicha 66-o‘rinni (2014 yilgi natija – 61-o‘rin), ijtimoiy kapital yo‘nalishida esa 17-o‘rinni (o‘tgan yilgi ko‘rsatkich – 16-o‘rin) egalladi. Boshqa yo‘nalishlardagi ko‘rsatkichlar: tadbirkorlik – 93 (92), ta'lim – 70 (69), xavfsizlik – 67 (65), shaxsiy erkinliklar – 55 (57), davlat boshqaruvi – 117 (117).

Reytingda O‘zbekiston Rossiyadan (58), Belarusdan (63), Qirg‘izistondan (66), Ukrainadan (70), Turkiyadan (78), Hindistondan (99), Erondan (106) o‘zib, Qozog‘istondan (55) ortda qolgan.

Farovonlik indeksiga 142 davlat kiritilgan bo‘lib, u jahon YaIMining 99 foizini, dunyo aholisining 96 foizini qamrab oladi. Unda Norvegiya birinchi o‘rinni egalladi. Kuchli uchlikka, shuningdek, Shveytsariya va Daniya kirdi.

O‘nlikni Yangi Zelandiya, Shvetsiya, Kanada, Avstraliya, Niderlandiya, Finlyandiya va Irlandiya tashkil qildi. AQSh 11-o‘ringa munosib ko‘rildi.

Top