20:34 / 03.11.2015
6795

Oltoyda 750 ta oyog‘i bor mingoyoqning yangi turi topildi

Oltoy biosfera qo‘riqxonasi hududida olimlar mingoyoqning diplopod sinfiga mansub yangi turni topishdi. Bu sinfning ba'zi vakillari 750 tagacha oyoqqa ega. Yangi mingoyoq turi haqidagi maqola Zootaxa jurnalida chop etildi.

Ilmiy kashfiyot Oltoy biosfera qo‘riqxonasi Baygazan kordoni yaqinida ochildi. Bu yerda 2014 yilda dala mavsumida ilmiy xodim Miroslav Saxnevich tomonidan bir necha turdagi mingoyoqlarning kolletsiyasi yig‘ildi, ular orasida fan uchun umuman yangi, Sibiriulus baigazanensis deb nomlangan tur aniqlandi.

Topilgan mingoyoqlar ikki juft oyoqli mingoyoqlar sinfiga (diplopod) mansubdir. Bu sinf uning vakillarining murakkab tana segmentlarida ikki juftdan oyoqlari borligi uchun shunday nom olgan. Diplopodlar 10-20 sm keladigan uzun tanaga ega bo‘ladilar. Ularning ba'zi vakillarining oyoqlari soni 750 tagacha yetadi. Diplopodlar oyoqlari ko‘p bo‘lganiga qaramasdan, juda sekin harakatlanadilar, shuning uchun tabiat ularni himoya vositalari bilan ta'minlagan: qatttiq xitin teri, tuproqning yuqori qismiga ko‘milib olish, xavf paydo bo‘lganda aylanaga buralib olib, o‘z tanasining eng zaif joyini berkinib olish kabi qobiliyatlar bilan. Mingoyoqlarning ba'zi turlari achishtiruvchi himoya suyuqligi ajratadi.

Ayni paytda Sibiriulus baigazanensis turidagi mingoyoq Baygazan kordoniga yaqin hududda topildi. Uning tarqalganlik darajasini taxmin qilish hozircha murakkabdir.

Top