12:11 / 03.11.2015
21912

Toshkentda O‘rta Osiyodagi eng katta kitob do‘koni ochildi

2 noyabr kuni Toshkentda, Mustaqillik ko‘chasi yoqasida “Kitob olami” nomli yangi kitob do‘koni ochildi. Shahar markazida, metro bekati yaqinida joylashgan bu do‘kon O‘rta Osiyoning bu turdagi eng yirik muassasasi ekanligi aytilmoqda.

Do‘konga kirish oldidagi vitrinaga ulkan monitor joylashtirilgan bo‘lib, u orqali ayni paytda do‘kon reklamasi namoyish etilmoqda.
Foyyeda ham to‘rtta reklama ekrani, shuningdek, maxsus nashrlar joylashtirilgan shishali vitrinalar bor.

Do‘konda O‘zbekiston nashriyotlarining barcha yo‘nalishdagi kitoblari taqdim etilgan. Bu yerdan bolalar adabiyoti, badiiy adabiyot namunalarini, ilmiy kitoblarni topish mumkin. Shuningdek, Rossiya nashriyotlari chop etgan ko‘plab adabiyotlar do‘kon peshtaxtalaridan o‘rin olgan.

Agar mashhur shoir Aleksandr Faynberg tirik bo‘lganida, u shu yilning 2 noyabrida 76 yoshni qoralagan bo‘lar edi. Shu munosabat bilan bo‘lsa kerak, do‘kon assortimentidan ajoyib shoirning yangi to‘plami o‘rin oldi.

Kitob zalida disklar va elektron adabiyotlar uchun alohida stol tashkil qilingan. Zal oxirida kantselyariya mollari uchun joy ajratilgan.

Top