20:24 / 04.11.2015
2950

Chilonzorda nogironning nafaqa pulini to‘lashni paysalga solgan inspektorga intizomiy jazo qo‘llanildi

Toshkent shahrida nogironning nafaqa pulini to‘lashni paysalga solgan inspektorga intizomiy jazo qo‘llanildi. Bu haqda “Darakchi” gazetasi yozmoqda.
III guruh nogironi Malohat G‘aniyeva OAVga murojaat yo‘llab, uning I guruh nogironi bo‘lgan turmush o‘rtog‘i “ayrim mas'uliyatsizlar” tomonidan pensiyasiz qoldirilganini ta'kidladi.

“Tuman ijtimoiy ta'minot bo‘limidagilar o‘g‘lim 18 yoshga to‘lgani uchun pensiya pulidan chegirma qilinib, qolgani to‘lanishini aytishdi. Rozi bo‘ldim. Ammo qolganini ham to‘lashmadi. Yo‘l qo‘ygan qo‘pol xatolarini bir-birlariga to‘nkab, vaziyatdan chiqishga urinishdi. Oxiri qilgan xatolarini anglab, keyingi to‘lovlarda qo‘shib berilishini aytishdi. Ammo bo‘sh qop tik turmaydi. Ularning yo‘l qo‘ygan xatosi uchun bizning oila bir oy qiynalib yashashi kerakmi? Iltimos bu murojaatga beparvo bo‘lmang. Ularga albatta chora ko‘rilishi kerak”, - deyiladi maktubda.
Bu voqeaga Toshkent shahar prokurori birinchi o‘rinbosari, adliya katta maslahatchisi M. Mirzayev izoh berdi.

“Aniqlanishicha, fuqaro A. G‘aniyevaga joriy yilning may oyi uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan pensiya puli byudjyetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Chilonzor tumani bo‘limining pensiya va nafaqalar to‘lovi monitoringi 1-toifali inspektori Yu. Suyunova o‘z ishiga mas'uliyatsizlik bilan yondashganligi natijasida ro‘yxatga kiritilmasdan qolgan”, - ta'kidladi u.

Bundan tashqari, Yu. Suyunovaga nisbatan intizomiy chora ko‘rilib, u o‘rtacha oylik ish haqiga 10 foiz miqdorida jarima intizomiy jazo chorasi qo‘llanilganini, jabrlanuvchilarga esa pensiya va kompensatsiya hisobiga 1 558 718 so‘m to‘lab berilgani xabar qilindi.

Top