20:06 / 04.11.2015
4981

Toshkentga ilk marta ingliz teatri jamoasi tashrif buyurdi

Bugun, 4 noyabr kuni O‘zbekistonga Buyuk Britaniyaning Uilyam Shekspir nomidagi "Globus” teatri jamoasi ijodiy tashrif bilan keldi. Tashrifning ilk kunida, soat 14:00da teatr jamoasi Toshkent shahridagi O‘zbek Millik akademik teatrida (Sobiq Hamza teatri) Shekspirning "Gamlet" asarini namoyish qilishdi.

Mazkur ijodiy safar O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda "O‘zbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan tashkil etildi.

Ingliz tilida namoyish etilgan ushbu spektaklni tomosha qilish uchun O‘zbekiston jamoatchiligining turli sohalari vakillari, siyosatchilaru qo‘shiqchilar, fan va jamoat arboblari hamda madaniyat olami vakillari kelishgan.

Spektaklning kechki seansiga (soat 19:00) Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Kristofer Alan ham tashrif buyurgan va o‘zbek tilida nutq so‘zlagan.

Ma'lumot uchun, bu tashrif teatrning butun dunyo bo‘ylab amalga oshirayotgan safari doirasida bo‘lib o‘tmoqda. Teatr jamoasi shu vaqtgacha 180dan ortiq mamlakatda bo‘lishga ulgurgan.

Kun.uz sayti muxbiri teatr hududida bo‘ldi va jurnalistlar qatorida teatr vakillari bilan gaplashdi.

Ma'lum qilinishicha, 1938 yilda o‘sha vaqtda Hamza nomi bilan atalgan teatrda O‘zbekistonda ilk bor "Gamlet" spektakli sahnalashtirilgan. Olim Xo‘jayev boshchiligidagi teatr jamoasi o‘z vaqtida Buyuk Britaniyaga borib, "Gamlet" spektaklini o‘zbek tilida namoyish etgan va ingliz teatri bilan o‘zaro aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. "Gamlet" obrazini jonlantirgan o‘zbekistonlik aktyorlar orasida Tohir Saidov ham bor bo‘lib, u bugungi tadbirlarda ishtirok etgan va angliyalik hamkasblari bilan gaplashib, esdalik uchun suratga tushgan.

Ingliz teatri 5-6 noyabr kunlarida ham O‘zbekistonda qoladi. Bu kunlarda teatr san'atida yangi loyihalar xalqaro forumi o‘tkaziladi. Ushbu forumga barcha teatr mutaxassislari va ijodkorlari jalb etilgan bo‘lib, undan ko‘zlangan maqsad kelajakda Britaniya va O‘zbekiston madaniy aloqalarini yangi pog‘onalarga ko‘tarish hisoblanadi.

Ma'lumot uchun, Britaniyaning Uilyam Shekspir nomidagi "Globus” teatri tarixiy madaniy obidalar sirasiga kiruvchi binoga ega bo‘lib, shu nom bilan ataluvchi London shahridagi muhtasham teatrdir. Ilk bora "Globus” teatri 1599 yilda Temza daryosining janubiy qirg‘og‘ida Shekspir boshchiligidagi truppa mablag‘iga qurilgan bo‘lib, hozirgi kunga qadar uch marotaba qayta qurilib, rekonstruksiya qilingan.

Top