09:48 / 05.11.2015
3282

AQShda 86 yoshli keksa ayol o‘zini o‘g‘irlab ketgan uch o‘smirning qo‘lidan qutula oldi

AQShning Vashington shtatida qotillik amalga oshirish maqsadida odam o‘g‘irlash aybi bilan uch o‘smir hibsga olindi. O‘smirlar Kenevik shahrida Xezel Abel ismli 86 yoshli kampirni o‘z uyidan o‘g‘irlab, ayolni o‘z avtomobili yukxonasida Oregon shtatiga olib ketishgan. Bu haqda Vashington shtati okrug sherifi boshqarmasi vakiliga iqtibos keltirgan holda Reuters axborot agentligi ma'lum qildi.

Yosh bosqinchilar Portlend shahri yaqinidagi Maltnoma grafligidagi do‘kon oldida to‘xtab, xarid uchun do‘konga kirib ketishganda keksa ayol yukxona eshigini ichkaridan ochib, yordamga chaqirishga muvaffaq bo‘lgan. Jinoyatchilar qo‘lga olindi. Ular 14 va 15 yoshli ikki o‘smir hamda 16 yoshli qiz bo‘lgan. Ularning barchasi ayol yashagan shaharda istiqomat qilgan.

Keksa ayolga tibbiy yordam ko‘rsatishga ehtiyoj bo‘lmadi, u voqeadan keyin to‘g‘ri uyiga yo‘l oldi. Jinoyatchilar o‘z qilmishlari uchun sud oldida javob beradilar, deb aytdi politsiya vakili.

Top