16:33 / 05.11.2015
4142

Jahon banki tomonidan Xorazmda qiymati 2 mlrd dollarlik loyihalar amalga oshiriladi

Jahon banki tomonidan Xorazm viloyati bo‘yicha deyarli 2 mlrd dollar qiymatida 15ta yo‘nalish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda telegraf.uz nashri xabar tarqatgan.

Ushbu mablag‘ viloyatda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish moliyaviy hamda ekologik barqarorlikni yaxshilash, suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish, energiya samaradorligiga erishish kabi maqsadlarga sarflanadi.

Bu haqda Xorazm viloyatida Jahon banki delegatsiyasi ishtirokida «2016-2020 yillarida Jahon banki guruhi va O‘zbekiston hamkorligi Kontseptsiyasi» masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda malum qilindi.

Xabar qilinishicha, joriy yilning o‘zida 1,6 mlrd AQSh dollaridan ortiq loyiha bo‘yicha ishlar amalga oshirildi. Jahon banki tomonidan ko‘rsatilgan amaliy ko‘mak tufayli viloyatda birlamchi tibbiy sanitariya yordamini yaxshilashning ishonchli tizimi yaratildi. Shu bilan birga bank tomonidan tibbiyot xodimlarini o‘qitish, ularning malakasini oshirish masalalari bo‘yicha o‘quv va seminar-treninglar tashkil qilinmoqda. Fermer xo‘jaliklariga taqdim etilayotgan kredit liniyasi 95500 gektar maydondagi irrigatsiya va drenaj tizimini yaxshilashga imkon berdi. 600 ta fermer xo‘jaligi hamda oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan kichik va o‘rta biznes korxonalarga parrandachilik va baliqchilikni rivojlantirish yuzasidan zamonaviy texnologiyalarni sotib olish uchun hamda qishloq xo‘jaligini talablar darajasida taraqqiy toptirish bo‘yicha pul mablag‘lari bilan amaliy yordam berib kelinmoqda.

Top