14:51 / 05.11.2015
2140

Pokistonda fabrika binosi qulashi oqibatida halok bo‘lganlar soni 20 nafardan oshdi

Pokiston sharqidagi Lahor shahrida 4 noyabr kuni zavod binosi qulab tushishi natijasida halok bo‘lganlar soni 20 nafardan ortiqni tashkil qilmoqda. Bu haqda Lahor politsiyasi vakili jurnalistlarga ma'lum qilgan.

Ma'lum qilinishicha, plastik paketlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan va Plastic Industries kompaniyasiga tegishli ushbu zavod binosi 4 qavatdan iborat bo‘lgan. Hodisa yuz bergan vaqtda zavodda 150 nafar xodim ish jarayonida edi.

Qutqaruv ishlariga boshchilik qilayotgan kapitan Muhammad Usmonning aytishicha, 5 noyabr kuni ertalab ushbu hodisa natijasida halok bo‘lganlar soni 20 nafardan ortgan, 85 kishi qutqarib olingan. Yana o‘nlarcha kishi xarobalar ostida qolmoqda.

"Qutqaruv ishlariga 300 nafardan ortiq kishi, maxsus texnikalar va 8ta ko‘tarma krani jalb qilingan. Vayronalar ostidan chiqarib olinganlar tibbiy xizmat ko‘rsatilishi uchun shifoxonalarga yetkazilgan. Ulardan 15 nafari og‘ir ahvolda qolmoqda", deydi manba.

Xarobalar ostidan zavod xo‘jayini Rana Muhammad Ashrafning jasadi aniqlangan. Qurbonlar orasida 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar bor.

Top