22:08 / 05.11.2015
4972

Turkiya G20 yetakchilariga angoriy echki yungidan tayyorlangan eksklyuziv ro‘mollar sovg‘a qilmoqchi

“Katta yigirmatalik” (G20) davlatlari yetakchilari Turkiyadan sovg‘a sifatida angoriy echki yungidan tayyorlangan eksklyuziv ro‘mollar oladilar, deb xabar bermoqda turk OAVlari.

Ushbu sovg‘alar Turkiyaning Belek shahrida 15-16 noyabrda bo‘lib o‘tadigan G20 sammitida beriladi.

Turkiyaning janubi-sharqida joylashgan Siirt viloyati yuqori sifatli jun ro‘mol va ko‘rpalari bilan nom chiqargan. Sovg‘a qilinadigan ro‘mollarga sammit va tashkilot logotipi tushiriladi. Sovg‘aga ilova qilinadigan kartochkalarda ro‘mollar tarixi haqida ma'lumot va bu ro‘molni tayyorlagan usta fotosurati tushiriladi. Sovg‘alar Siirtdagi suvorilarning egar sumkalariga o‘xshash tayyorlangan jun sumkalarda beriladi. Ro‘mol va sumkalarni tayyorlash uchun tog‘ echkilarining yungidan foydalaniladi. Hammasi bo‘lib sammit uchun 50 ta ro‘mol tayyorlanadi.

Turkiya atrof-muhitni muhofaza qilish jamg‘armasi vakilining aytishicha, hozirda yungdan mahsulotlar tayyorlash kasbi unutilib bormoqda va bu qadam uning tiklanishiga yordam berishi mumkin. Jamg‘arma vakili sovg‘alar sammit ishtirokchilariga yoqishiga umid bildirdi.

Sammit ishtirokchilari va delegatsiyalari uchun bir nechta yirik mehmonxona va golf-klublar ajratiladi. 5 kvadrat kilometrdan ko‘proq hudud alohida nazorat ostiga olinadi va vaqtinchalik to‘sib qo‘yiladi.

Top