17:37 / 06.11.2015
5266

Britaniyalik Sharm-ash-Shayx aeroportida 30 dollar evaziga yuklarini tekshiruvsiz o‘tkazganini so‘zlab berdi

2015 yil avvalida britaniyalik Deyl Parkin va uning turmush o‘rtog‘i Misrning Sharm-ash-Shayx aeroportida barcha nazorat hududlari, jumladan, yuklar tekshiruvini aylanib o‘tgan holda samolyotga chiqib olgan edi. Bu haqda u Sky News telekanaliga bergan intervyusida so‘zlab berdi.

Parkinning so‘zlariga ko‘ra, turmush o‘rtog‘i bilan aeroportga kelganidan so‘ng terminaldagi uzun navbatlarga ko‘zi tushadi. Bir oz vaqtdan so‘ng uning oldiga soqchilardan biri kelib, britaniyalikka noqulaylikdan osongina qutulish yo‘li borligini aytadi. Ulardan barcha xavfsizlik jarayonlarini chetlab o‘tgan holda samolyotga chiqib olishi uchun 20 funt sterling (30 dollar) “xizmat haqi” so‘raydi.

Sayyohlar bunga rozi bo‘lishadi va aytilgan pulni to‘lab, yuklarini konveyer tasmasiga skaner tekshiruvisiz qo‘yishadi.
“O‘sha paytda 20 funt evaziga navbatlarni aylanib o‘tish mumkinligi bizni hayratga solgan edi. Sodir bo‘lgan yangilikni eshitgandan so‘ng bu ishning mudhish oqibatini anglab yetdim”, - tan oldi Parkin 31 oktabr kuni Sinay yarimorolida Rossiyaning Airbus A321 yo‘lovchi layneri halokatga uchragani bilan bog‘liq hodisaga izoh berar ekan.

Eslatib o‘tamiz, 2015 yilning 31 oktabr kuni Rossiyaning "Kogalimavia" aviakompaniyasiga tegishli Airbus-321 layneri parvozga ko‘tarilgandan 23 daqiqa o‘tib halokatga uchragan edi. Mazkur samolyot bortidagi 217 nafar yo‘lovchi va yetti nafar ekipaj a'zosining barchasi halok bo‘ldi.

Top