00:19 / 06.11.2015
3665

Olland: "Sharl de Goll" aviatashuvchi kemasi IShIDga qarshi samarali harakat qilishga imkon beradi

Yaqin Sharq mintaqasiga “Sharl de Goll” aviatashuvchi kemasi boshchiligida aviatsiya guruhini yuborish Fransiyaga Suriyada IShID jangarilariga qarshi harakat qilish samaradorligini oshirishga imkon beradi. Bu haqda Fransiya prezidenti Fransua Olland ma'lum qildi.

“Bugun men Suriyadagi ixtilof hududiga bizga operatsiyalarni o‘tkazishga yordam berishi maqsadida aviatsiya guruhini yuborishga qaror qildim”, deb aytdi Olland Fransiya Mudofaa vazirligining Parijda yangi bosh qarorgohi ochilishi marosimidagi nutqida.

Fransiya Suriyada IShID jangarilariga qarshi kurashni sentabrdan beri olib bormoqda. Bunda mamlakatning harbiy-havo kuchlaridan foydalanilmoqda. “Zarbalar mashg‘ulot lagerlariga va terrorchilik bizning hududimizga xavf solishi mumkin bo‘lgan joylarga berilmoqda” deb ta'kidlab o‘tdi Olland.

Frantsuz floti flagman kemasi hisoblanuvchi “Sharl de Goll” kemasi o‘zida 40 ta samolyot, jumladan ko‘p vazifali Rafale M qiruvchi samolyotlaridan iborat aviaguruhni tashiydi. Kemaning Suriya ixtilofi hududida qo‘llanishi Fransiyaga o‘zining havo guruhining imkoniyatlarini ikki barobar kuchaytirishga imkon beradi. Hozirda Fransiya Iroq va Suriyada BAAdagi Az-Zafra aviabazasida joylashgan 6 ta Rafale va Iordaniyadagi Shahzoda Hasan aerodromida joylashgan 6 ta Mirage 2000 qiruvchi samolyotlari bilan harakat qilmoqda.

“Sharl de Goll” kemasi avval Iroqda jangarilarga qarshi harbiy operatsiyalarda jalb qilingan. Kema 2015 yilning fevralidan apreligacha Fors ko‘rfazida jangovor navbatchilikni o‘tagan. Ayni paytda kemaga Tulon portida texnik xizmat ko‘rsatilmoqda, uning yangi vazifaga chiqishining aniq muddatlari hozircha aytilmayapti.

Top