21:50 / 06.11.2015
3480

«O‘zbekinvest» kompaniyasi respublika moliya bozorida eng yuqori xalqaro reytingga ega bo‘ldi

2015 yilning 5 noyabr kuni «Moody’s Investors Service Ltd.» xalqaro reyting agentligi (Buyuk Britaniya) «O‘zbekinvest» eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasining xalqaro moliyaviy barqarorlik reytingini «barqaror» prognozi bilan B1 dan Ba3 ga ko‘tardi.

Reyting agentligi tahlilchilarining fikricha, sug‘urta mukofotlarini yig‘ish, o‘z faoliyatini diversifikatsiyalash bo‘yicha barqaror o‘sish ko‘rsatkichlari, shuningdek, sug‘urta portfeli kapitalizatsiyasining yuqori darajasi, milliy sug‘urta bozoridagi kuchli o‘rni, kompaniya ulushida davlatning ishtiroki va shu kabi boshqa omillar «O‘zbekinvest» kompaniyasining xalqaro reytingi oshishiga ta'sir etgan.

Ta'kidlash kerakki, bunday nufuzli xalqaro reytingning qo‘lga kiritilishi Kompaniyaning ochiqligi va qayta sug‘urtalash bo‘yicha xalqaro bozordagi faoliyatini kengaytirishga intilishidan dalolat beradi.

Joriy yilining sentabr oyida «O‘zbekinvest» va «Moody’s» vakillari ishtirokida uchrashuv tashkil etilgan bo‘lib, unda ikki tomonlama hamkorlik, xususan, kompaniyaning investitsiya siyosati, yaqin istiqbolda reyting o‘rnini yaxshilash, shuningdek, O‘zbekiston sug‘urta bozorining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari, kompaniyaning Bern Ittifoqi Praga klubidagi ishtiroki hamda qayta sug‘urtalash bo‘yicha xorijiy tashkilotlar bilan hamkorligi kabi masalalar muhokama etilgan edi.

Ushbu uchrashuv natijasida «Moody’s» xalqaro reyting agentligi «O‘zbekinvest» kompaniyasining xalqaro moliyaviy barqarorlik reytingini «barqaror» prognozi bilan B1 dan Ba3 ga ko‘targan.

Respublika iqtisodiy dasturlarining eng muhim ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish yuzasidan O‘zbekiston hukumati tomonidan kompaniyaga yuklatilgan vazifalar bajarilishini ta'minlash bo‘yicha olib borayotgan faoliyat tufayli bugungi kunda «O‘zbekinvest» kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi moliya bozorida eng yuqori xalqaro reytingga ega bo‘ldi.

Top